O‘ta arzon Galaxy M01s chiqdi: afsuski, Samsung ham Xiaomi’ga ergashibdi!

  •   DiMaX
  •  4981
  •  17.07.2020 09:07

O‘ta arzon Galaxy M01s chiqdi: afsuski, Samsung ham Xiaomi’ga ergashibdi!

Samsung kompaniyasi Galaxy M01 modelining yanada arzon versiyasi – Galaxy M01ssmartfonini tayyorlayotgani haqida yozgandik. O‘tgan oyda shu qurilma bilan Galaxy Watch 3 smart-soatining ham xususiyatlari ma’lum bo‘lgan.

O‘QING: Samsung’ning eng arzon smartfoni – Galaxy A01 Core ilk suratda!

Kecha – 16 iyul kuni Samsung kompaniyasi shu Galaxy M01s smartfonini Hindistonda rasman namoyish qildi. Afsuski, u original qurilma emas, balki Galaxy A10s modelining deyarli aynan kloni bo‘lib chiqdi. Xuddi Xiaomi kompaniyasi Redmi brendiga mansub telefonlarini keyin Poco brendi ostida, boshqa nom bilan chiqargani kabi, janubiy koreyaliklar ham shu yo‘lni tutishgan.

Galaxy M01s modelining bulturgi smartfondan bittagina farqi bor: Galaxy A10s tezkor xotirasi 2 gigabaytlik bo‘lsa, bunisida – 3 gigabaytlik. Qolgan barcha jihatlari bir xil: MediaTek Helio P22 protsessori, 32 GBlik ichki xotira, diagonaliga 6,2 dyuymlik HD+ ekran. Yangi gadjetning kameralari ham o‘sha-o‘sha: 13 + 2 MPlik asosiy va 8 MPlik old kameralar. Samsung uni ham 4000 mA/soatlik akkumulyator, ikkita SIM-karta va microSD-karta uchun alohida – uchtalik slot hamda micro-USB porti bilan ta’minlagan.

Android 9.0 operatsion tizimi ustiga qurilgan One UI 1.1 grafik qobig‘i bilan ishlovchi Galaxy M01s uchun Hindistonda 133 dollar narx belgilangan.

O‘QING: Samsung ikkita hamyonbop va ommabop smartfoniga flagmancha funksiyalar qo‘shdi!