Otabek Umarov haydaydigan "Tesla" qanday avtomobil?

Otabek Umarov haydaydigan

O'zbekiston prezidentining kuyovi Otabek Umarov Toshkent ko'chalarida avtomashinani tezlikni oshirib haydagani va buning uchun o'z ixtiyori bilan jarima to'lagani so'nggi kunlarda ancha shov-shuvlarga sabab bo'ldi. Qonunbuzarlik aynan "Tesla" avtoulovida sodir etilgan.

Shaxsan o'zim "Tesla"ning ashaddiy ishqiboziman. "Tesla" yosh kompaniya. Unga 2003-yilda AQShda asos solingan. Uning rahbari va asoschilaridan biri asli janubiy afrikalik Ilon Mask. Milliarder va inqilobiy fikr va ishlari bilan taniqli Maskning o'zi haqida ko'p gapirish mumkin. Bu haqda balki kelgusida yozaman. Hozir esa bemalol kelajak avtomobili deb atash mumkin bo'lgan "Tesla" haqida gaplashamiz.
Илон Маск "Roadster"нинг янги версиясини тақдим қилмоқда.
Tesla - kelajak avtomobili

Avvalo, "Tesla"ning barch avtomobillari 100 foiz elektr tokiga ishlaydi. Atrof-muhit uchun toza va ancha kamxarj. Mashinada motor va batareyadan boshqa deyarli hech narsa yo'q. Yog’-moy degan narsalar ham mavjud emas. "Tesla" batareya va motor uchun 8 yil garantiya beradi. Aytishlaricha, motor 1,5 million kilometrgacha hech qanday ta'mirsiz yura oladi.

Ikkinchidan, "Tesla" elektromobillarini to'rtta g'ildirik ustidagi kompyuterga o'xshatishadi. Kompyuteringiz yoki telefoningiz operatsion tizimini tez-tez yangilab borganingizdek, "Tesla" ham avtomobillariga o'rnatilgan boshqaruv tizimini havo orqali, ya'ni internet orqali eng so'nggi yangilanishlar bilan ta'minlab turadi. Ya'ni, mashinangizda kutilmagan qo'shimcha yangi xususiyatlar paydo bo'lib qolishi mumkin. Hatto batareyasi zaxirasi ko'payishi, tezlik olishi yanada kuchayishi kabi yangilanishlarni ham mana shunday "update"lar orqali amalga oshirish mumkin.

Uchinchidan, benzin va dizelga yuradigan o'tmish avtomobilari uyoqda tursin, dunyo bozorida yetakchi bo'lgan gegemon avtozavodlar endi-endi taqdim etayotgan elektromobillar texnologiyasi "Tesla"nikidan kamida 5-10 yil orqada. Elektromobillar bozorida "Tesla"ni hozir raqibsiz yaqqol peshqadam deb bemalol ayta olamiz.
Endi "Tesla" taqdim etayotgan modellar haqida

"Tesla" ayni paytda uchta modelni sotuvga chiqargan. Bular: Model S, Model X va Model 3. Kompanya yaratgan ilk avtomobil Roadster supercari edi, lekin u bugun sotuvda mavjud emas. Roadsterning yangi avlodi taqdim qilingan, lekin hali sotuvga chiqmadi. Roadsterning birinchi nusxasi "Space X" (Bu kompaniya ham Ilon Maskka qarashli) raketasida samoga uchirilgan. Ayni paytda u hatto Marsdan ham nariga o'tib ketibdi. Aytgancha, Marsga uchish Ilon Maskning azaliy orzusi. Bu haqda keyinroq.
Model S

Model S sedan avtomobili 2,4 sekundda 100 km/soat tezlikka chiqadi. Batareya zaxirasi bir marta to'liq zaryadlanganda 600 km.gacha yetadi. "Tesla" yaqinda joriy etgan yangi avlod Supercharger (zaryadlash) markazlarida 15 daqiqada batareyani 80 foizga to'ldirish mumkin. Model S ning boshlang'ich bahosi 80 ming dollar.
Model X

Model X krossover turkumidagi avtomobil bo'lib, lochin qanotiga o'xshab ochiladigan o'ziga xos eshiklari bilan mashhur. U 2,7 sekundda 100 km/soat tezlikka chiqadi. Batareya zaxirasi 500 kilometrdan ortiqqa yetadi. Narxi 85 ming dollardan boshlanadi.
Model 3
Model 3 "Tesla"ning eng so'nggi va eng arzon modeli. Boshlang'ich narxi 39 ming dollar. 35 ming dollarlik versiyasi ham bor, lekin u hali sotuvga chiqmagan. Model 3 sotuvga chiqqaniga bor-yo'g'i bir yilcha bo'ldi, ammo hozir eng ko'p sotilayotgan model shu. Model 3 ko'rsatkichlari ham juda yaxshi: 3,2 sekundda 100 km/soat tezlikka chiqadi va batareya zaxirasi qariyb 500 km.gacha yetadi.

Bundan tashqari, "Tesla" Model Y nomli ixcham krossover ham taqdim etgan, lekin hali sotuvga chiqmadi. Uning boshlang'ich bahosi 45 ming dollar bo'lishi kutilyapti.
Tesla Model Y
Model Y
Shuningdek, "Tesla" og'ir yuk avtomobillarini ham ishlab chiqarmoqchi. 30-40 tonna yuk tashiydidan og'ir texnikaga faqat batareyada yuradigan motor o'rnatish va batareyaning 100 kilometrlik zaxiraga ega bo'lishi avtosanoatda inqilobiy hodisa. Shu bois ko'pchilik "Tesla" yuk mashinalarining texnik xususiyatiga hanuz shubha bilan qaramoqda. Bu yuk mashinalarini ishlab chiqarishni yo'lga qo'yish boshlangan, lekin hali savdoga chiqqani yo'q.
"Tesla Semi" og'ir yuk avtomobili
"Tesla Semi" og'ir yuk mashinasi

Otabek Umarov "Tesla"ning qaysi modelini haydashi haqida menda ma'lumot yo'q. Uning o'zi tarqatgan videodan ko'rinishicha, u ko'p ehtimol bilan Model S haydaydi. Model S va Model Xning ichki dizayni bir-biriga o'xshash bo'lgani uchun, anig'ini bilish qiyin. Uning nomiga yozilgan jarima qog'ozida ham avtomobilning qaysi rusumda ekani aniq aytilmagan.

Lekin Otabek Umarovning mashina tanlashdagi didi chakki emas ekan. :)

P.S.: O'zbekistonda kelasi yildan boshlab elektromobillarga import boji butunlay olib tashlandi. Faqat QQS (qo'shilgan qiymat solig'i - ayni paytda 20%) to'lansa bas. Demak, O'zbekistonga ham endi, qurbingiz yetsa, "Tesla" avtomobillarini olib kirishingiz mumkin.
Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!