O‘ttiz to‘rt dollarlik 5G-smartfonga nima deysiz?

  •   DiMaX
  •  3335
  •  19.10.2020 17:59

O‘ttiz to‘rt dollarlik 5G-smartfonga nima deysiz?

Shu yilning sentyabr oyida Reliance Jio kompaniyasi (Hindiston) rahbari mamlakatda 5G tarmog‘ini yo‘lga qo‘ymoqchi ekanligini ma’lum qilgandi. Shu bilan birga, bu kompaniya atigi 4000 rupiy (taxminan 54 AQSh dollari) keladigan Android-smartfonni taqdim etishi aytilgan.

O‘QING: Hindistonni «Jio’lashtirish»: 1,3 milliard aholini BEPUL 4G-aloqa bilan ta’minlab, internetni 5 karra arzonlatgan milliarder!

India Economic Times nashrining xabar berishicha, Reliance Jio beshinchi avlod uyali aloqa tarmog‘ida ishlovchi smartfonlarini undan ham arzon – atigi 34 dollarlik narxda chiqaradi. Biroq bunga bosqichma-bosqich erishiladi: dastlab 70 dollardan arzonroq bo‘lgan 5G-smartfonlar taqdim etiladi. Savdo hajmining o‘sishiga qarab, Reliance Jio narxlarni 34 dollardan 41 dollargacha bo‘lgan oraliqqacha tushiradi.

Ta’kidlash kerakki, Hindistonda hozir eng arzon 5G-smartfon bu – 340 dollarlik OnePlus Nord hisoblanadi. Bordiyu Jio rejasi amalga oshsa, uning mazkur mahsuloti beshinchi avlod uyali aloqa standartida ishlovchi dunyo bo‘yicha eng arzon telefon bo‘ladi.

Hindiston hukumati telekommunikatsion xizmatlar taqdim etuvchilarga hozircha 5G tarmoqlarida sinovlar o‘tkazish uchun chastotalar spektrini ajratgani yo‘q. Reliance Jio esa ayni damda o‘zining 5G-jihozlari ustida ishlashdan tashqari, aloqa vazirligidan 5G spektrining ajratilishini kutmoqda. Kompaniya o‘zining 2G tarmog‘idagi 300 milliondan oshiq abonentlarini 5G tarmog‘iga o‘tkazishni rejalashtirmoqda.

5G tarmog‘ida ishlovchi birinchi Jio Phone qurilmasi 2021 yilda namoyish etilishi kutilmoqda. Bu yilning oxiriga borib esa kompaniya 50 dollar atrofidagi narxda yangi 4G-smartfon chiqaradi, deyishmoqda.

O‘QING: Dunyodagi barcha 5G-tarmoqlar xaritasi ishga tushdi: Markaziy Osiyoda bittagina mamlakat!

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!