OUKITEL F150 chiqdi: 8000 mAs batareyali, «o‘ldirib bo‘lmas» smartfon – atigi 110 dollar! (+video)

  •   DiMaX
  •  2293
  •  18.01.2021 18:22

OUKITEL F150 chiqdi: 8000 mAs batareyali, «o‘ldirib bo‘lmas» smartfon – atigi 110 dollar! (+video)

Xitoylik ishlab chiqaruvchi – Oukitel kompaniyasi korpusi mustahkam himoyalangan yangi smartfonini chiqardi. Akkumulyatori naq 8000 m/soatlik ushbu qurilma AliExpress onlayn savdo maydonchasida sotuvga qo‘yilgan.

O‘QING: Huawei Mate 30 qiyofali, lekin 100 dollarlik smartfon chiqdi

Yangi qurilma OUKITEL F150 deb nomlangan bo‘lib, bunda dunyodagi eng ko‘p sotiluvchi Ford F150 pikapiga ishora bordek. 2020 yilning so‘ngida namoyish etilgan bu smartfon zarbaga chidamli plastik korpusga ega – uni IP68/69K standartiga ko‘ra suvdan ham himoyalashgan.

OUKITEL F150 nisbatan ixcham – diagonaliga 5.58 dyuymlik ekran bilan ta’minlangan. Displeyning tasvir aniqligi HD+ formatida, ya’ni 1520x720 piksellik. Uning kemtigida gaplashish dinamigi hamda 8 megapiksellik old kamera joylangan. Smartfonning bosh kamerasi esa to‘rtta datchikli bo‘lib, asosiy sensori 13 megapiksellik aniqlikda.

OUKITEL bu smartfonini MediaTek Helio G25 protsessori bazasida tayyorlagan, unga 6 gigabaytlik tezkor xotira hamrohlik qiladi. Gadjetning kuchli jihatlaridan biri – naq 8000 mA/soatlik akkumulyatoridir. USB-C porti orqali u 18 vattlik texnologiya bo‘yicha quvvat oladi. Ishlab chiqaruvchining ta’kidlashicha, batareyaning to‘liq quvvati 11 soat o‘yin o‘ynashga, 18 soat video ko‘rishga, 34 soat gaplashishga yoki 145 soat musiqa tinglashga yetadi.

OUKITEL F150 modelini sozlanuvchi tugmacha hamda NFC moduli bilan jihozlashgan, daktiloskopi esa korpusning yon qirrasiga o‘rnatilgan. Android 10 operatsion tizimli bu smartfon 64 gigabaytlik doimiy xotiraga ega.

Ishlab chiqaruvchi bu smartfonini AliExpress platformasida 120 dollardan sotyapti, lekin kupon bilan uni 110 dollarga xarid qilish mumkin.

O‘QING: 95 dollarlik Nokia C3 chiqdi: Android 10 tizimli smartfon naq 400 GB xotirani qo‘llab-quvvatlaydi!