Oukitel ikki ekranli "o'lmas smartfon" chiqardi

Oukitel ikki ekranli

Xitoyning Oukitel kompaniyasi o'zining navbatdagi mustahkam himoyaga ega smartfoni, WP21 modelini qo'shimcha ekran va juda katta batareya bilan taqdim qildi.

Oukitel WP21 smartfoni 6,78 dyuymli FHD+ rezolyutsiyadagi va 120 gerts yangilanish tezligiga ega bo'lgan old ekranga ega. Orqa tomonda esa har doim yoniq turadigan (AoD) qo'shimcha yumaloq ekran ham mavjud bo'lib, u sizga bildirishnomalarni yoki musiqa boshqaruvlarini yoki orqa kameradan foydalanganingizda o'zingizni ko'rsatib turadi. Qolaversa, kompaniya orqa ekran uchun aqlli soatlarda bo'lgani kabi soat ko'rinishlarini ham taklif qiladi.

Qo'shimcha ekranning o'ng yon tomonida smartfonning f/1.9 diafragmali Sony IMX 686 (64 MP) asosiy kamerasi, hamda, f/2.0 diafragmali Sony IMX350 (20 MP) tungi ko'rish moduli LED chirog'i bilan birga ustma-ust joylashgan bo'lsa, chap tomonda 2 MP makro kamera o'rin olgan.

Smartfon mustahkam himoyaga ega ekanligini bilan ham o'ziga xos hisoblanadi. U IP68 va IP69K, hamda, MIL-STD-810H bilan baholangan yoxud siz undan har qanday iqlim va sharoitlarida foydalanishingiz mumkin. Kompaniya smartfondan 1.5 metergacha chuqurlikda yarim soatgacha foydalanish mumkinligini yoki smartfon xuddi shunday balandlikdan tushib ketganda hech qanday zarar ko'rmasligini ta'kidlaydi. Aytish kerakki, bunday mustahkam himoya smartfon qalinligi kabi oqibatlar bilan keladi: telefon 177,3 x 84,3 x 14,8 mm o'lcham va 398 gramm og'irlikda.

Qurilmaning yana bir o'ziga xos xususiyati shundaki, u 9,800 mA/soat sig'imli batareyaga ega. Bu bilan siz 12 soat tinimsiz video ko'rishingiz yoki 35 soat musiqa tinglashingiz yoki 68.5 soat telefonda gaplashishingiz mumkin. Qolaversa, uning yordamida OTG kabeli orqali boshqa qurilmalarga ham quvvat berish mumkin. Agar batareya quvvati tugab qolsa uni 66 Vt tezlikda qayta zaryadlab olish mumkin

Kapot ostida WP21 smartfoni MediaTek Helio G99 chipseti bilan jihozlangan va u 12 GB (+5GB virtual) operativ 256 GB (microSD bilan kengaytirish mumkin) xotira bilan ishlaydi. Qo'shimchasiga smartfon Bluetooth 5.0, simsiz to'lovlar uchun NFC va global navigatsiya sun'iy yo'ldosh tizimi bilan joylashuvni aniqlash xususiyatlari, barmoq izini, hamda, yuzni aniqlash skanerlariga ega va u Android 12'da ishlaydi.

Oukitel WP21 smartfonini AliExpress onlayn do'konidan sotib olish mumkin.

O'QING: Eng ingichka ramkali smartfon: Realme 10 Pro taqdim qilindi

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!