O‘yin smartfonlarining kelajagi porloqmi?

O‘yin smartfonlarining kelajagi porloqmi?

O‘quvchilarimizning aksariyati bolaligida Tetris o‘yin konsolini sevib o‘ynagan bo‘lsa kerak. O‘z Tetris’ingizdan qo‘ng‘iroq qilish yoki internetga ulanishni istarmidingiz? Bundan 15 yil oldin afsonaviy Nokia o‘zining N-Gage o‘yin telefonini sotuvga chiqargan edi. Biroq ushbu telefon geymerfonlar erasini boshlab bera olmadi. Sababi Nokia o‘z mahsulotining aynan o‘yin uchun moslanganligini yetarlicha targ‘ib qila olmadi. Natijada ko‘plab mijozlar bu qurilma shunchaki o‘ta xunuk va noqulay telefon, degan fikrga bordilar. N-Gage'ning muvaffaqiyatsizligi uzoq yillar davomida o‘yin telefonlari/smartfonlarining yaratilishiga soya solib turdi.

Nokia N-Gage

 

Geymerfon orqali muvaffaqiyatsizlikka uchrash qo‘rquvi hozirga kelib asta ko‘tarila boshlagandek ko‘rinmoqda. O‘tgan yili uzoq yillik tanaffusdan so‘ng Razer Phone o‘yin smartfoni dunyo yuzini ko‘rdi, biroz o‘tib, Acer o‘zining geymerfonini taqdim etdi. Bir hafta oldin taqdimoti bo‘lib o‘tgan Xiaomi'ning Black Shark geymerfoni uchun buyurtmalar soni esa allaqachon bir millionga yetdi. ZTE kompaniyasi ham o‘zining Nubia brendi orqali o‘yin smartfonlarining yangi shakllana boshlayotgan bozoridan joy egallashga urinmoqda.

Xiaomi Black Shark – suyuqlikli sovitish tizimi, maxsus geympad va o‘yin rejimiga ega haqiqiy geymerofon!

Sarlavhaga chiqarilgan savolga to‘xtalishdan avval «o‘yin smartfoni» yoki «geymerfon» tushunchalariga izoh berib o‘tsak. Qurilma o‘yin smartfoni, deb atalashi uchun aniq bir me’zon belgilanmagan. Hozirgi zamon talablaridan kelib chiqsak, so‘nggi qudratli protsessor va grafik chiplar bilan ta’minlangan, yuqori chastotali tasvirlarni qo‘llay oladigan displeyga ega va, ba’zi hollarda, geympadga ega smartfonlarni geymerfon, deb atash mumkin. Bundan tashqari onlayn o‘yinlar ommalashib ketgan bir davrda o‘yin jarayonini «striming» qilish, ya’ni boshqalar bilan ulashish imkoniyati ham geymerfonlarning bir xususiyatiga mansub. Umuman olganda, qotmasdan, qulay va zavqli o‘yin o‘ynash imkonini beruvchi qurilmalar geymerfonlardir.

Biroq Motorola o‘z smartfonlari uchun allaqachon geympadlar ishlab chiqqan va hech qachon o‘yin smartfonlari yaratganligi bilan maqtanmagan. Bundan bir necha yil oldin Samsung ham smartfonlarni kichik o‘yin konsoliga aylantira oluvchi geympad taqdim qilgan edi. Qisqasi, smartfonda o‘yin o‘ynashni qulaylashtiruvchi akksessuarlar ishlab chiqargan kompaniyalarning aksariyati o‘z qurilmalarini geymerfon sifatida reklama qilmagan. Demak «o‘yin smartfon»i nima ekanligini aniq ta’riflashning imkoni yo‘q.

Shuningdek, o‘yin smartfonlari sifatida targ‘ib qiladigan qurilmalarning deyarli barchasida o‘yin o‘ynashga softveyr, ya’ni dasturiy ta’minot o‘rnatilgan bo‘ladi. Siz geymerfonlarning ekran rezolyusiyasini o‘zgartira olasiz, quvvat sarflanishini nazorat qilish orqali o‘yin sifatini ta’minlaysiz, o‘yin jarayonini tasvirga muxrlay olasiz yoki uni jonli rejimda internetda do‘stlaringiz bilan ulashasiz. Biroq bunday amallarni Galaxy S9'da ham bajarsa bo‘ladi. Demak o‘yin smartfoni oddiy zamonaviy smartfondan deyarli farq qilmas ekan.

Nubia o‘yinbop smartfonlari uchun Red Magic brendini taqdim etdi

Tushunchaga ta’rif berishni qo‘ya turib, asosiy savolga o‘tsak: bunday smartfonlarni mijozlar rostdan ham istaydimi?

Geymerfonlar, odatda, qudratli protsessorlar bilan «qurollangan» bo‘ladi. Biroq bunday protsessorlarni zamonaviy flagman smartfonlarning aksariyatida ham ko‘rish mumkin. Bundan tashqari geymerfonlar uchun maxsus yaratilgan soft va ilovalarni osonlik bilan oddiy smartfonlarga ham o‘rnatsa bo‘ladi. Flagman smartfonlar o‘yin o‘ynay oladi, suratga tushiradi, internetga ulanadi, musiqa ijro etadi va boshqa ko‘plab ishlarni uddalaydi. Xo‘sh, geymerfon oddiy smartfonlardan farq qilmasa, ulardan qanday foyda olish mumkin?

Razer Phone: geymerlar smartfonining barcha xususiyatlari taqdimotdan bir kun avval fosh bo‘ldi

Geymerfonlarning ekrandagi tasvirning almashish chastotasi ham oddiy smartfonlarnikidan deyarli farq qilmaydi. Masalan, Nintendo Switch o‘yin konsoli bundanda yuqori chastotalarni qo‘llay oladi va HDMI port orqali uni televizorga ulash mumkin. Bunday konsollarga virtual voqelik shlemini ham ulash mumkin. Xo‘sh, geymerfonlar oddiy smartfonlarda mavjud bo‘lmagan bunday qo‘shimcha imkoniyatlarni taqdim qila oladimi?

Nintendo Switch

 

Bunday savollarga geymerfonlar ishlab chiqarayotgan kompaniyalar aniq javob berolmaydi. Nintendo kabi portativ o‘yin konsollari sotilayotgan raqamlarni ko‘zdan kechirsak, odamlar orasida o‘yin o‘ynashga qiziqish o‘ta yuqori ekanligini anglash mumkin. Yana smartfonlar va konsollar uchun o‘yin ishlab chiquvchi kompaniyalar ham yaxshigina daromad qilmoqda. Balki shu sababli ayrim kompaniyalar smarfonning o‘yin o‘ynash uchun moslanganiga urg‘u bergan holda konsollar hukmron bo‘lgan portativ o‘yin qurilmalari bozorini egallash harakatiga tushib qolgandir?

Nima bo‘lganda ham hozirgi maqtalayotgan geymerfonlarning oddiy flagman smartfonlardan deyarli farqli jihati yo‘q. Shunday ekan boshqa smartfonlar ham uddalay oladigan amallarni bajaruvchi qurilmani maqtashdan qandaydir ma’no ko‘rinmayapti. Ehtimol, ishlab chiqaruvchilar bundan 15 yil oldin Nokia N-Gage telefoni yo‘l qo‘ygan xatoni takrorlamaslik uchun reklamaga zo‘r berayotgandir? Axir yaxshi reklama yarim muvaffaqiyat deganidir. Nima bo‘lganda ham geymerfonlar davri endi boshlandi. Ularning kelajagini oldindan bashorat qilish hozircha mushkul masala bo‘lib qolmoqda.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!