O‘yinbop smartfonlar endi arzonroq bo‘ladi!

  •   DiMaX
  •  1912
  •  14.01.2020 17:48

O‘yinbop smartfonlar endi arzonroq bo‘ladi!

Tayvanlik chipsoz – MediaTek o‘tgan yilning 30 iyulida o‘yinbop qurilmalarga mo‘ljallangan Helio G90 hamda Helio G90T protsessorlarini namoyish qilgan edi. Kompaniya bu yo‘nalishdagi ishlarini davom ettirib, hamyonbop o‘yin smartfonlari uchun ham yangi chipsetlar taqdim etdi.

O‘QING: AnTuTu reytingi: Samsung, Huawei, MediaTek va Qualcomm – qay biri eng zo‘r?

Yangi, arzon chipsetlar Helio G70 hamda Helio G70T deb nomlangan bo‘lib, tegishlicha Helio G90 va Helio G90T protsessorlarining «qirqilgan» versiyalaridir. Har ikkalasi ham 12 nanometrlik FinFET texnologik jarayonga asoslangan va sakkiztadan yadroga ega. Helio G90T chipsetida asosiy yadro sifatida Cortex-A76 qo‘llangan bo‘lsa, yangi protsessorlarda Cortex-A75 ishlatilmoqda. Energiya tejovchi yadro sifatida Cortex-A55 yadrolari, grafik tezlatgich tarzida esa Mali-G52 2EEMC2 chiplari qo‘llangan.

Shuningdek, hamyonbop Helio G70 hamda Helio G70T protsessorlari smartfonda 48 megapiksellikkacha bo‘lgan bir nechta kamerani qo‘llab-quvvatlaydi. Ushbu chipset bazasidagi telefonlarga FHD+ formatigacha aniqlikdagi displeylar, 8 gigabaytgacha hajmli LPDDR4x turidagi tezkor xotiralar o‘rnatish mumkin.

O‘QING: JIDDIY JANG: Snapdragon 865 vs Apple A13 Bionic! (+«jonli» video)

Bundan tashqari, yangi chipsetlarda MediaTek kompaniyasining HyperEngine texnologiyasi ham qo‘llangan – u mobil o‘yinlarda chiplarning samaradorligini yaxshilab beradi. Lekin bu protsessorlar beshinchi avlod uyali aloqa tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlamaydi, chunki ular o‘zi hamyonbop geymerofonlarga mo‘ljallangan.

Afsuski, kompaniya bu ikki protsessorning o‘zaro farqlarini hozircha aytmayapti, aftidan, ularda videotezlatgichning chastotasi turlicha bo‘lsa kerak. MediaTek’ning yangi protsessorlari bazasiga qurilgan hamyonbop o‘yin smartfonlari shu yilning o‘zidayoq taqdim etiladi. Mish-mishlarga qaraganda, Helio G70 yoki Helio G70T ilk bor Redmi 9 modelida ishlatilishi mumkin.

Ushbu mavzuda, eng arzon telefonlarning chiplari haqidagi maqolamizni mana bu, hamyonbop smartfonlarning protsessorlari to‘g‘risidagi maqolamizni mana bu, o‘rta narxli modellar chipsetlari xususidagi maqolamizni esa mana bu havolalar orqali o‘tib o‘qishingiz mumkin.

O‘QING: Xiaomi kompaniyasi Redmi 8’dan naq ikki karra kuchli arzon smartfon tayyorlayapti!

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.