O'zbekiston Starlink ilovasini yuklab olish bo'yicha top beshtalikka kirdi

O'zbekiston Starlink ilovasini yuklab olish bo'yicha top beshtalikka kirdi

Mamlakatimizda Ilon Maskning Starlink sun'iy yo'ldosh internet xizmati hali beri ishga tushganicha yo'q, lekin SensorTower bergan ma'lumotlarga asoslanib, PCMag nashrining xabar berishicha (Kapital.uz orqali), O'zbekiston Starlink ilovasini App Store va Google Play Store'dan yuklab olish bo'yicha top besh mamlakatlar qatoriga kirgan.

Berilgan ma'lumotlarga ko'ra, Amerika Qo'shma Shtatlari umumiy yuklab olishlarning 38 foizi, yoxud 889 ming ko'rsatkich bilan Starlink eng ko'p yuklab olingan hudud bo'lib turibdi. Undan keyingi o'rinda esa Ilon Mask Starlink bepul xizmat ko'rsatishda davom etishini aytgan Ukraina davlati bo'lib, mamlakatdagi yuklab olishlar soni 800,000 dan ortiqni tashkil qiladi. Kanada davlati 209,000 yuklab olishlar bilan uchinchi o'rinni egallagan bo'lsa, to'rtinchi o'rinni avstraliyaliklar 64 ming yuklab olishlar bilan band qilishgan. Hali Starlink ishga tushmagan O'zbekistonda esa uning ilovasi 42 mingdan ortiq yuklab olingan va u umumiy yuklab olishlar sonining 2 foizini tashkil qiladi.

Ta'kidlash joizki, ilova yuklab olish uchun bepul bo'lib, u bilan siz Starlink'ka buyurtma berishingiz yoki mavjud qurilmalar bilan Starlink'ni o'rnatishingiz va internet tezligini tekshirib ko'rishingiz mumkin.

Eslatib o'tamiz, Starlink xaritasida O'zbekiston 2023-yilda ishga tushirilishi rejalashtirganligi ko'rsatilgan.

O'QING: AKT vaziri Uztelecom'ning "toshbaqa" internetini Starlink bilan solishtirib, ularning taklifi 4-5 baravar tez va arzon ekanligini iddao qildi

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!