O‘zbekiston ularni ogohlantirgan edi: TikTok va Twitter’ning ochilishi sekinlashdi

  •   DiMaX
  •  785
  •  02.07.2021 16:59

O‘zbekiston ularni ogohlantirgan edi: TikTok va Twitter’ning ochilishi sekinlashdi

Yurtimizda TikTok va Twitter ijtimoiy tarmoqlarining ochilishi sekinlashdi. Har ikkala servisning yuklanishi katta qiyinchilik bilan yuz bermoqda, xususan, Twitter’da media-fayllar yuklanmayapti, deb yozadi Daryo nashri.

O‘QING: O‘zbekistonda ijtimoiy tarmoqlar bloklanishi mumkinmi?

Avvalroq, may va iyun oylarida «O‘zkomnazorat» matbuot xizmati «VKontakte», Twitter, WeChat, Skype va TikTok servislari ma’muriyatlariga «Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida»gi qonunning 27-1-moddasi talablarga rioya etilishini ta’minlash choralarini ko‘rish yuzasidan ko‘rsatmalar berganini ma’lum qilgan edi. Ushbu modda («O‘zbekiston fuqarolarining shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berishning alohida shartlari») qonunga 2021 yil 14 yanvardagi qonun bilan kiritilgan bo‘lib, uning amal qilishi 2021 yil 15 apreldan boshlangan edi.

Shuningdek, may oyida Davlat personallashtirish markazi direktori Ulug‘bek Toshxo‘jayev shaxsga doir ma’lumotlarga axborot texnologiyalaridan foydalangan holda ishlov berishda ularni jisman O‘zbekiston hududida joylashgan texnik vositalarda yig‘ilishi va saqlanishini ta’minlash maqsadida Facebook (Facebook Messenger, Instagram, WhatsApp), Google (Google Messenger, YouTube), «Mail.ru» («VKontakte», «Odnoklassniki»), Microsoft (Skype), Telegram, Tencent (Wechat), TikTok, Twitter, Yandex («Yandeks.Taksi», «Yandeks.Xarita», «Yandeks.Messenjer», «Yandeks.Dengi»)ga qonunchilik talablarini bajarish haqida murojaat xatlari yuborilganini bildirgan edi.

O‘QING: Tekshirib ko‘ring: Facebook’dan sizning telefon raqamingiz ham o‘g‘irlanganmi?

Ko‘rsatib o‘tilgan qonun moddasi talablariga ko‘ra, «mulkdor va (yoki) operator O‘zbekiston fuqarolarining shaxsga doir ma’lumotlariga axborot texnologiyalaridan foydalangan holda ishlov berishda, shu jumladan Internet jahon axborot tarmog‘ida ishlov berishda ularning jisman O‘zbekiston hududida joylashgan texnik vositalarda hamda belgilangan tartibda Shaxsga doir ma’lumotlar bazalarining davlat reyestrida ro‘yxatdan o‘tkazilgan shaxsga doir ma’lumotlar bazalarida yig‘ilishini, tizimlashtirilishini va saqlanishini ta’minlashi shart».

Hozircha Twitter, TikTok va boshqa servislarning O‘zbekiston hududida bloklangani yoki ularga kirish tezligi majburiy pasaytirilgani yuzasidan rasmiy bayonot berilganicha yo‘q. «O‘zkomnazorat» matbuot xizmatidan «Daryo»ga ma’lum qilishlaricha, holat yuzasidan «yaqin vaqt ichida» munosabat bildiriladi. Tashkilot matbuot xizmati boshqa tafsilotlarni ochiqlamadi.

O‘QING: Prezident xalqqa o‘z Telegram va WhatsApp raqamlarini berdi: «Meni ham guruhingizga qo‘shib qo‘ying!»