O‘zbekistonda 2G, 3G, 4G va 5G texnologiyalari: Tezkor internetga ulash qanday ketyapti?

  •   DiMaX
  •  2389
  •  04.02.2021 13:44

O‘zbekistonda 2G, 3G, 4G va 5G texnologiyalari: Tezkor internetga ulash qanday ketyapti?

«Xalq so‘zi» gazetasining 22-sonida AKT vaziri Sh. Sodiqovning «Yoshlar va axborot texnologiyalari: O‘zbekistonda ularning salohiyatini birlashtirish holati qanday?» nomli maqolasi chop etildi. Shundan yurtimizda tezkor internetga ulash vazifasi qay darajada uddalanayotgani to‘g‘risidagi qismini e’tiboringizga havola etmoqdamiz.

O‘QING: TATU, Amiti va Inhada nima gaplar? Al-Xorazmiy nomidagi maktabda-chi?

Tezkor internetga ulash vazifasi qay darajada uddalanmoqda?

O‘tgan yilgi Davlat dasturida ijtimoiy soha ob’yektlari, jumladan, umumta’lim maktablari, maktabgacha ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalarini tezkor internetga ulash ustuvor vazifa sifatida belgilab berilgandi. Boisi bu yosh avlodning zamonaviy bilim olishi, bemorlarga sifatli va tezkor xizmat ko‘rsatish salohiyatini oshirishi bilan ham ahamiyatlidir. Xo‘sh, ular amalda qanday bajarildi?

Birinchidan, AKT sohasining iqtisodiy ko‘rsatkichlari barqarorligini ta’minlash borasida:

— 11 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilishi hisobiga

200,5 million dollardan ortiq, jumladan, 141,4 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb qilindi.

Ikkinchidan, raqamli infratuzilmani rivojlantirish borasida:

— bugungi kunda 1 millionta internet tarmog‘iga keng polosali ulanish portlari o‘rnatilib, ularning umumiy soni 3 millionga yetkazildi, 32 ming kilometr optik tolali aloqa liniyalari qurildi;

— ma’lumotlar uzatish tarmog‘ining o‘tkazuvchanlik qobiliyati viloyat markazlari darajasida 2, tuman markazlari darajasida esa 4 barobar oshdi;

— xizmat miqyosini kengaytirish maqsadida 5 mingdan ortiq mobil aloqa baza stansiyalari o‘rnatildi, optik tolali aloqa liniyalarining umumiy uzunligi 68,6 ming km.ga yetkazildi va aholi maskanlarida uning qamrovi 98 hamda yuqori tezlikdagi yo‘nalishi 90 foizga yetkazildi;

— keng polosali mobil xizmatlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida mavjud 3 mingdan ortiq baza stansiyasi modernizatsiya qilindi;

— 5 ming 641 ta mobil aloqa tayanch stansiyasi ishga tushirilib, ularning umumiy soni 31 740 taga yetkazildi;

— 5 petabayt sig‘imga teng Ma’lumotlarni saqlash va qayta ishlash markazi ishga tushirildi;

— «Jizzax» erkin iqtisodiy zonasida Janubiy koreyalik hamkorlar bilan birgalikda 11 million dollarga teng, yillik quvvati 50 ming kilometr optik tolali kabel mahsulotlarini ishlab chiqarish zavodi ishga tushirildi.

Umuman, bugungi kunga qadar ijtimoiy soha ob’yektlari, xususan, 8 ming 95 ta xalq ta’limi, 5 ming 440 ta maktabgacha ta’lim va 3 ming 207 ta sog‘liqni saqlash muassasalarigacha jami 14 ming km. optik tolali aloqa liniyalari tashkil etilib, ularda yuqori tezlikdagi internet tarmog‘iga ulanish imkoniyati yaratildi.

O‘QING: Dunyodagi barcha 5G-tarmoqlar xaritasi ishga tushdi: Markaziy Osiyoda bittagina mamlakat!

2G, 3G, 4G va 5G texnologiyalari

2020 yilga qadar, asosan, telefon xizmatlarini ko‘rsatuvchi 2G mobil tarmoqlarini kengaytirish vazifasi bajarilgan bo‘lsa, hozir tarmoq qamrovini oshirish bo‘yicha loyihalar 3G/4G texnologiyalariga asoslanmoqda. Xususan, 2020 yilning o‘zida 3 ming 12 ta 2G baza stansiya 3G/4G standartiga modernizatsiya qilindi va 2 ming 933 ga yaqin yangi baza stansiyalar o‘rnatilib, ishga tushirildi.

Qolaversa, operator va provayderlarga internet xizmatlari uchun tarif mavjud texnik quvvatlarimizni keskin oshirish hisobiga avvalgi yilning shu davriga nisbatan aloqa kanallari ijarasi tariflari 2 barobar, o‘tgan yil davomida internet xizmatlari tariflari esa 29 foiz arzonlashtirilishiga erishildi (1 Mbit/s uchun narxi 45,0 ming so‘m).

Eng ilg‘or texnologik ishlanmalarni joriy etishga ham katta e’tibor qaratildi. 2019 yil sentyabrdan ikkita mahalliy mobil operator – Uzmobile hamda Ucell kompaniyalari 5G texnologiyasini test sinovidan o‘tkazishni boshlagani va bugungi kunda Toshkent shahrida 15 ta baza stansiyasi test tartibida ishlab turgani shundan dalolat beradi.

O‘QING: Dunyo bo‘yicha simsiz 5G-internet tezligi reytingi: Nyu-Yorkda o‘ta past...