O‘zbekistonda birinchi marotaba “DigiGirlz” ta’lim dasturi bo‘lib o‘tadi

O‘zbekistonda birinchi marotaba “DigiGirlz” ta’lim dasturi bo‘lib o‘tadi

O‘zbekistonda birinchi marotaba qizlar salohiyatini oshirish va ularni texnologiyalar sohasiga jalb etishga qaratilgan “DigiGirlz” ta’lim dasturi bo‘lib o‘tadi, deb xabar qilinmoqda Toshkent shahridagi Inha universitetining rasmiy saytida. Mazkur ta’lim dasturiga qiziqish bildirgan qizlar 2018 yil 6 aprelgacha ro‘yxatdan o‘tishlari kerak.

“DigiGirlz” – “Microsoft” korporatsiyasining qizchalar uchun ilm-fan, texnologiya, muhandislik ishi va matematika sohalarida ta’limga investitsiya dasturidir. Dastur global iqtisodiyotning chaqiruvi va muammolariga tayyor bo‘lgan kelajak xodimlarini tayyorlash uchun mo‘ljallangan. 

Dastlabki ta’lim dasturi 2018 yil 10 aprel kuni Toshkent shahridagi Inha universitetining binosida bo‘lib o‘tadi. Dastur yosh qizlarga texnologiya sohasi va yangi innovatsiyalar bilan tanishish imkonini beradi.

Ta’lim dasturi ikkita blokdan iborat bo‘ladi. Birinchi bo‘limda ishtirokchilar stereotiplarni sindirib, ayollar uchun noan’anaviy bo‘lgan texnologiya sanoatida karera qilgan “Microsoft” korporatsiyasi vakillari va mutaxassislarining ma’ruzalarida ishtirok etadilar. Ushbu ma’ruzalar qizlarga nimalarni kutish kerakligini va bu sohada ish nima berishi mumkinligini tushunishga imkon beradi. 

“DigiGirlz”ning ikkinchi qismi axborot texnologiyalari sohasi hayajonli va qiziqarli bo‘lishi mumkinligini qizlarga ko‘rsatib beradigan amaliy mashg‘ulotlardan iborat bo‘ladi.

Dasturda 12-14 yosh (kichik guruh) va 15-17 yosh (katta guruh)dagi qizlar ishtirok etishlari mumkin. Qiziqish bildirgan qizlar 2016 yil 6 apreliga qadar “DigiGirlz”ga digigirlz.uz sayti orqali ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin. O‘rinlar soni cheklangan (har bir guruh uchun 30 nafardan). 2018 yil 7-8 aprel kunlari ro‘yxatdan o‘tganlar dastlabki majburiy seminarlarda ishtirok etishadi. 

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi natijasida o‘tkazilmoqda. “DigiGirlz” tadbiriga “Microsoft” korporatsiyasi, Toshkent shahridagi Inha universiteti, “Mirzo Ulugbek Innovation Center”, AKT vazirligi hamda BMTTDning «Samarali Davlat Boshqaruvini rivojlantirish va Raqamli Transformatsiyaga ko‘mak» qo‘shma loyihasi, shuningdek, “SuperDispatch” kompaniyalari tashkilotchilik qilishmoqda.