O‘zbekistonda blokcheyn: biletlar savdosining yagona tizimi shu yil oxirigacha ishga tushadi!

  •   DiMaX
  •  742
  •  14.01.2019 11:51

O‘zbekistonda blokcheyn: biletlar savdosining yagona tizimi shu yil oxirigacha ishga tushadi!

O‘zbekistonda ham blokcheyn texnologiyalari borasida ishlar olib borilayotganidan xabaringiz bor. Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 10 yanvarda qabul qilingan Qarori ham bu boradagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.

O‘QING: Shavkat Mirziyoyev: O‘zbekiston to‘liq raqamli iqtisodiyotga o‘tadi!

O‘zbekistonda barcha madaniyat va san’at muassasalarining chiptalarini blokcheyn asosida sotuvchi yagona elektron tizim yaratishga kirishilgan. Vazirlar Mahkamasining yuqorida ta’kidlangan Qarorida esa uning aniq muddati ham ko‘rsatilgan – 2020 yilning 1 yanvarigacha.

Hujjatda aytilishicha, blokcheyn bilet operatsiyalarining shaffofligini oshirish va ichki jarayonlarini optimallashtirish uchun zarur. Bulardan tashqari, blokcheyn operatsiyalar haqidagi ma’lumotlarning yaxlitligini ta’minlashi lozim.

Madaniyat va san’at sohasidagi, shuningdek biletlar emissiyasi bilan bog‘liq aralash sohalardagi tadbirkorlar (jumladan, kinoteatrlar, teatrlar, tadbirlarga chiptalar sotish tizimlari) mazkur tizimga ulanishlari mumkin bo‘ladi.

Tizimni yaratish va ishga tushirish Madaniyat vazirligi qoshidagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. Tizim doirasida, internet-ekvayring qo‘llagan holda xorijiy valyutaga elektron chiptalar sotib olish uchun elektron to‘lov mexanizmlari 2020 yilning 1 apreligacha joriy etiladi.

O‘QING: Farg‘onada soxta aviakassa ochib, salkam 23 million so‘mlik qalbaki bilet sotgan firibgar qo‘lga olindi!

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!