O‘zbekistonda internet nega qimmat? – AKT vazirligi izoh berdi

  •   DiMaX
  •  1816
  •  16.03.2021 11:09

O‘zbekistonda internet nega qimmat? – AKT vazirligi izoh berdi

Axborot texnologiyalarini va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi Adliya vaziri tomonidan Senat majlisida keltirilgan, O‘zbekistonda mobil internet qimmatligi haqidagi ma’lumotlarga o‘z izohini berdi.

O‘QING: Adliya vaziri ham O‘zbekistondagi internet narxi va sifatini tanqid qildi

AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda AKT vazirligi axborot xizmati rahbari Sherzod Ahmatov quyidagi ma’lumotlarni keltirdi.

«Senatning o‘n uchinchi yalpi majlisida Adliya vaziri 1 Gigabayt mobil internet Hindistonda — 950 so‘m, Isroilda — 1,2 ming so‘m, Qirg‘izistonda — 2,2 ming so‘m, Italiyada — 4,5 ming so‘m, Ukrainada — 4,9 ming so‘m, Qozog‘istonda — 5 ming so‘m, O‘zbekistonda esa — 16 ming so‘mni tashkil etishi va mamlakatimizda internet qamrovi 51 foiz ekanini aytdi.

Ushbu ma’lumotlar https://www.cable.co.uk/ resursidan olingan. Mazkur ma’lumotlar 2020 yilning fevral oyida shakllantirilgan bo‘lib (2020 yil 24 fevral), hozirgi kundagi ko‘rsatkichlarga umuman mos kelmaydi. Shu bilan birga, mazkur resurs tomonidan O‘zbekistondagi operatorlarning aynan qaysi tarif reja yoki paketlari haqida ma’lumot olingani ko‘rsatilmagan.

Hozirda respublikamiz aholisi har oy o‘rtacha 4-5 Gigabayt internet sarflayapti. 2021 yil mart oyi holatiga ko‘ra, 1 Gigabayt hajmdagi mobil internet xizmatining o‘rtacha narxi 6-7 ming so‘mni tashkil etmoqda.

2019-2021 yillarda operator va provayderlarga internet xizmatlari uchun tarif mavjud texnik quvvatlarni keskin oshirish hisobiga operator va provayderlarga XPKM orqali taqdim etiladigan 1 Megabit/s tezlikdagi kanal narxi 2 barobarga arzonlashtirildi va xozirgi kunda ushbu xizmat narxi 40 000 so‘m etib belgilangan», – dedi Sherzod Ahmatov.

Undan tashqari, O‘zbektelekom 2019-2021 yillarda 1 mb narxi 5 baravargacha arzonlashdi. Jismoniy shaxslar uchun simli keng polosali internet tariflari 4,6 baravargacha pasaytirildi, ulanish tezligi esa 6-7 baravar oshirildi. Jumladan yuridik shaxslar uchun internet narxlari ham 3 baravargacha pasaytirildi, tezliklar esa oshirildi.

O‘QING: Bosh vazir va’da berdi: internet tezligi kamida 10 Mbit/soniyaga yetkaziladi! (+video)

Shuningdek, TAS-IX tamoqlari orqali o‘tgan trafik uchun to‘lov olinmaydi, internet tezligi esa yuqori darajada ta’minlangan.

Shu bilan birga o‘qituvchi va o‘quvchilar uchun mo‘ljallangan imtiyozli internet tariflari joriy etildi.

2020 yil O‘zbekistonda optik tolali internet uchun ulkan qadam bo‘ldi. Xususan, 2018 yilda O‘zbekistonda optik tolali aloqa liniyalari umumiy uzunligi 26 ming kmni tashkil qilgan bo‘lsa 2020 yilda – 72 ming kiga yetkazildi, 2021 yil oxiriga qadar 118 kmgacha yetkazish rejalashtirilgan.

Internetga ulanish portlari sonini esa yil oxiriga qadar 4 mln. donaga yetkazish rejalashtirilgan.

Axborot tarmoqlarining ma’lumot o‘tkazish tezligi viloyat markazlarida 2 baravar, tuman markazlarida esa 4 baravarga oshirildi.

Mobil aloqa baza stansiyalari soni 31,7 mingdan ortiq, 2020 yilda aloqa operatorlari tomonidan qishloq hududlarida 5 mingdan ortiq mobil aloqa stansiyalari o‘rnatildi va yangilandi.

O‘tgan yilda ijtimoiy xizmat ob’yektlari, maktablar va tibbiyot muassasalarini tezkor internetga ulash bo‘yicha davlat dasturi amalga oshirildi.

Bugungi kunda aholini 3G va 4G mobil internet bilan qamrab orlish darajasi 90%ga yetkazildi. Undan tashqari Toshkent shahrida 5G avlodga mansub 15ta mobil aloqa stansiyasi test tizimida ishlab turibdi.

O‘QING: Operatordan har oyda 1 gigabayt bonus olishni istaysizmi?