O'zbekistonda kiberjinoyatning yana bir turi uchun javobgarlik belgilanmoqda

O'zbekistonda kiberjinoyatning yana bir turi uchun javobgarlik belgilanmoqda

Ijtimoiy tarmoqlar O'zbekistonda ham ommalashib borar ekan, ular bilan bog'liq kiberjinoyatlar ham ko'payib bormoqda. Xususan, so'nggi paytlarda Telegram orqali o'zganing intim suratlarini uning ruxsatisiz tarqatib yuborish bilan qo'rqitib, undan pul talab qilish holatlari ko'p uchramoqda. Adliya Vazirligi tomonidan taklif qilinayotgan yangi qonun loyihasi esa, ehtimol, bunday kiber-zo'ravonliklarning oldini olishi mumkin.

Adliya Vazirligi tomonidan xotin-qizlar, bolalar va keksa yoshdagi ota-onalarning huquqlarini himoya qiluvchi qonun loyihasi ishlab chiqildi va jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi. Unga ko'ra xotin-qizlar, bolalar huquqiy himoyasi tizimini kuchaytirish maqsadida yangi javobgarlik turlarini joriy etish taklif etilmoqda. Xususan, intim hayot daxlsizligini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda.

Qonun loyihasiga ko'ra Jinoyat kodeksi quyidagi mazmundagi 1413-modda bilan to‘ldiriladi:

"Shaxsning roziligisiz uning tanasining va (yoki) jinsiy a’zolarining yalang‘och holdagi foto- va (yoki) video tasvirini o‘z ichiga olgan ma’lumotlarni tarqatish, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikasiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatish yoki bunday ma’lumotlarni tarqatish bilan qo‘rqitish – bazaviy hisoblash miqdorining to‘rt yuz baravaridan olti yuz baravarigacha (120 million so‘mdan 180 million so‘mgacha) miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

O‘sha harakatlar:

a) takroran yoki xavfli residivist tomonidan;

b) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib;

v) voyaga yetmagan shaxsga nisbatan sodir etilgan bo‘lsa, –

uch yuz oltmish soatdan to‘rt yuz sakson soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi".

Ma'lum bo'lishicha, ushbu qonun loyihasi muhokamasi 26-yanvarga qadar davom etadi.

O'QING: Yo‘lni kesib o‘tayotganda telefondan foydalanish jarimaga sabab bo‘ladimi?

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!