O'zbekistonda narxi 3 millionga bormaydigan top 5 smartfonlar!

O'zbekistonda narxi 3 millionga bormaydigan top 5 smartfonlar!

Zamon rivojlanib, kundan-kunga barcha sohalar raqamlashib bormoqda va hozirda deyarli hech qaysi ishimiz smartfonlarsiz bitmayapti. Ular yordamida uyimizdan chiqmagan holda bozorlik qilamiz, kommnual to'lovlarni to'laymiz, yangiliklarni kuzatib boramiz, ma'lumotlar olamiz, filmlar tomosha qilib, o'yinlar o'ynab hordiq chiqaramiz va hokazo. Albatta, buning uchun bizga yaxshi smartfon kerak, lekin "yaxshi" degani "qimmat" degani emas. Yangi va yaxshi smartfon uchun sizga 3 million so'm yetarli. Unga siz quyidagi smartfonlarni olishingiz mumkin.

Huawei Nova Y90

O'tgan yilning iyul oyi oxirida taqdim qilingan ushbu Huawei smartfoni xuddi flagmanlardek ko'rinishga ega. 6.7 dyuymli, 90 gerts yangilanish tezligiga ega ekran yon tomonlari nozik qora ramka bilan chegaralangan. Displey yuqori markazidagi yumaloq qora tirqishda esa 8 MP kamera joylashgan. Orqa tomonga o'tadigan bo'lsak, u yerda yumaloq kamera oroli 50 MP asosiy, hamda 2 ta 2 MP bo'lgan portret va makro sensorlar bilan LED chirog'ini o'z ichiga oladi. Qurilma 6 nanonmetrlik Snapdragon 680 chipsetida 4/6 GB operativ va 128 GB doimiy xotira bilan EMUI 12 operatsion tizimida ishlaydi. Uning 5000 mA/soat batareyasi 40 Vt tezlikda zaryadlanadi. Bu smartfonga yarim soatda deyarli 50 foizgacha quvvat beradi.

Huawei Nova Y90 smartfonini 4/128 GB xotira konfiguratsiyasida 2 799 000 so'mga kompaniyaning rasmiy riteyleridan topishingiz mumkin.

Tecno Pova Neo 2

Agar siz mobil o'yinlar ishqibozi bo'lsangiz Tecno Pova Neo 2 smartfoni, ehtimol, aynan siz uchun. Yorqin rangdagi tashqi dizaynning o'zi o'yinlarga xos his baxsh etadi. Texnik xususiyatlari undanda ajoyib – 8 yadroli MediaTek Helio G85, 4/6 GB operativ va 128 GB doimiy xotira. Ekran esa u 6.82 dyuym va u HD rezolyutsiyada. Smartfonning eng o'ziga xosligi uning batareyasida: naqd 7000 mA/soat va bunaqasi hozir uncha-muncha smartfonlarda topilmaydi. Tasvirga olishga kelsak, smartfon 16 megapikselli asosiy kamera va yana qo'shimcha SI sensor bilan jihozlangan. Selfilar uchun old tomonda 8 MP kamera mavjud.

Tecno Pova Neo 2 smartfonini siz O'zbekistondagi rasmiy onlayn do'konlardan atigi 2 million so'm atrofida topishingiz mumkin.

Honor X8a

Shu fevral oyining 8-sanasida Honor kompaniyasi o'zining yangi byudjet smartfoni, Honor X8a modelini taqdim qildi. Qurilmaning o'ziga xos xususiyatlaridan biri uning kamerasida: orqa tomondagi to'rtburchak kamera orolida f/1.9 diafragmali 100 MP asosiy va unga qo'shimcha 5 MP, hamda, 2 MP bo'lgan ultra-keng va makro kameralar uy hisoblanadi. Xuddi yuqori sinf smartfonlarida bo'lganidek, old tomon yuqori markazida joylashgan 16 megapikselli selfi kamera ekran ramkasidan ajralib turadi. Ekranga to'xtaladigan bo'lsak, smartfon 6.7 dyuymli FHD+ rezolyutsiyasidagi 90 gerts yangilanish tezligiga ega displey bilan jihozlangan. Qurilma MediaTek'ning G88 chipsetida 6/8 GB operativ va 128 GB doimiy xotira bilan Android 12 asoslangan Magic UI 6.1 opertsion tizimida ishlaydi. Uning 4,500 mA/soat batareyasini 22.5 Vt tezlikda quvvatlashingiz mumkin.

Honor X8a smartfonini O'zbekistondagi onlayn do'konlardan xotira konfiguratsiyasiga qarab 2 800 000 so'm atrofidagi narxda topishingiz mumkin.

Tecno Camon 19

2.5 millionga flagman topib bo'lmaydi deb kim aytdi? Camon seriyasi Tecno kompaniyasining flagman smartfonlari qatori hisoblanadi va ularning eng so'nggi avlodi hozirda Tecno Camon 19 seriyasi bo'lib turibdi. Ushbu smartfon nozik ramkalar bilan o'ralgan 6.8 dyuymli FHD+ ekranga ega. Uning yuqori markazidan esa 16 megapikselli selfi kamera joy olgan. Orqa tomondagi ikki yumaloq kamera orollarida esa uchta: 64 MP (f/1.7) asosiy, 2 MP (f/2.4) portret va yana bir qo'shimcha SI kamera joylashgan. Shu yerda smartfon dizayniga ham e'tibor bering. Yashil rangli Tecno Camon 19 o'ziga xos liniyalar tushirilgan chiroyli va nafis dizaynga ega. Qurilma kapoti ostiga MediaTek Helio G85 chipseti o'rnatilgan bo'libm u 6 GB operativ va 128 GB doimiy xotira bilan ishlaydi. Uning batareyasi 5000 mA/soat va uni 18 Vt tezlikda zaryadlash mumkin.

Yuqorida aytganimizdek, Tecno Camon 19 smartfonini O'zbekistonda onlayn do'konlardan 2.5 million so'm atrofidagi narxda topishingiz mumkin.

Redmi Note 11

Redmi Note 11 Xiaomi'ning eng ommabop smartfonlaridan biri hisoblanadi va bu bejizga emas. Qurilma o'ziga xos dizayn va texnik xususiyatlar uyg'unligiga ega. Qurilmaning 6.43 dyuymli 1080×2400 piksellar soniga ega AMOLED ekrani Corning Gorilla Glass 3 bilan himoyalangan. Garchi Android 11 bilan taqdim qilingan bo'lsa ham, smartfon hozirda Android 13 ga asoslangan MIUI 14 yangilanishini qabul qilishga tayyor. Smartfon Snapdragon 680 chipsetida 4/6 GB operativ va 64/128 GB xotirada ishlaydi. Uning 5000 mA/s batareyasini 33 Vt tezlikda yoxud 1 soatda 100% quvvatlash mumkin. Tasvirga olish borasida ham smartfon ancha yaxshi. U orqa tomonda to'rtlik: 50+8+2+2 MP kamera tizimiga ega. Selfilar uchun esa old tomonda 13 MP kamera joylashgan.

Redmi Note 11 smartfonini xotira konfiguratsiyasiga qarab, 2 milliondan 2.5 million so'mgacha bo'lgan narx oralig'ida topishingiz mumkin.

O'QING: Realme dinamik orol... e, yo‘g‘e, mini kapsulali smartfon chiqaradi

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!