O‘zbekistonda smartfonlarni IMEI bo‘yicha ro‘yxatga olishning yangi tartibi: tanishing va muhokamada qatnashing!

  •   DiMaX
  •  5921
  •  12.01.2019 16:30

O‘zbekistonda smartfonlarni IMEI bo‘yicha ro‘yxatga olishning yangi tartibi: tanishing va muhokamada qatnashing!

O‘zbekistonda barcha turdagi mobil gadjetlar ro‘yxatga olinishi haqida Terabayt.uz sayti 2017 yiliyoq xabar bergandi. 2019 yilning 1 aprelidan boshlab barcha mobil qurilmalar IMEI bo‘yicha ro‘yxatga olinishi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 22 oktyabrdagi 847-sonli qarori bilan belgilab qo‘yilgan.

O‘QING: O‘zbekistonda endi barcha smartfon va planshetlar IMEI bo‘yicha ro‘yxatga olinadi!

Axborot kommunikatsiyalari vazirligi kecha – 2019 yilning 11 yanvarida mobil qurilmalarni IMEI bo‘yicha ro‘yxatga olishning tartibi va shartlari haqidagi yangi nizom loyihasini e’lon qildi.

Aytish kerakki, yangi loyiha saytga avval – 2018 yil dekabrning oxirida joylanib, keyin olib tashlangan dastlabki variantidan farq qiladi. Ammo hozirda loyiha matni faqat rus tilida berilgan.

Yangi qaror loyihasida oldingisiga nisbatan bir qator o‘zgarishlar mavjud. Unda nazarda tutilayotgan o‘zgarishlarni qisqa va sodda qilib aytganda, «o‘tish davri»da O‘zbekistondagi uyali aloqa qurilmalari ro‘yxatga olinadi va ular «oq ro‘yxat»da hisoblanadi. Shu davr mobaynida ma’lumotlari taqdim etilmagan smartfon va planshetlar «qora ro‘yxat»ga tushadi va ishlamay qoladi. O‘zbekistonga yangi olib kirilgan, IMEI raqami mazkur ro‘yxatlardan biriga kirmagan smartfonlar esa «kulrang» ro‘yxatda bo‘lib, 30 kungacha cheklovlarsiz ishlayveradi, keyin esa «oq» yoki «qora» ro‘yxatga o‘tadi. To‘rtinchi tur gadjetlar «bog‘langan oq ro‘yxat»da turadi – bular sinov uchun qo‘llanayotgan smartfonlar bo‘lib, IMEI raqami tegishli telefon raqamiga bog‘langan bo‘lib, boshqa SIM-karta bilan ishlamaydi.

Shuningdek, registratsiyadan o‘tkazish uchun to‘lov hajmi ham o‘zgargan: yangi loyihada u eng kam oylik ish haqiga bog‘lanmagan. Har bir qurilmaning IMEI raqamini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun uchun import qiluvchi 25 ming so‘m, mahalliy ishlab chiqaruvchi va jismoniy shaxs esa 20 ming so‘m to‘laydi. Lekin, agarda talab qilinadigan barcha hujjatlari mavjud bo‘lmasa, devays uchun bojxonada aniqlangan narxining 100 foizi miqdorida to‘lash kerak bo‘ladi. Xorijliklarning smartfonlari esa bepul registratsiya qilib beriladi.

Registratsiyadan o‘tkaziladigan smartfonlar soni bo‘yicha cheklov yo‘q, oldingi loyihada bitta jismoniy shaxs olti oyda bittagina qurilmani ro‘yxatdan o‘tkazishi mumkinligi yozilgan edi.

E’TIBOR BERING: bu – hozircha qaror loyihasi bo‘lib, yakuniy variantigacha unga o‘zgartirishlar kiritiladi, qabul qilinish-qilinmasligi hozircha aniq emas. Uni xalq muhokamasiga qo‘yishgan va siz ham mana bu havola orqali o‘tib, bu borada fikringizni yozishingiz, 26 yanvargacha muhokamada qatnashishingiz mumkin.

O‘QING: MEIZU smartfonlarining originalligini va O‘zbekistonda sertifikatlanganligini aniqlaymiz

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!