O‘zbekistonda startaplar sotiladigan bozor yaratilmoqda!

O‘zbekistonda startaplar sotiladigan bozor yaratilmoqda!

O‘zbekistonda startaplar ekotizimi shakllanish bosqichida kundan-kunga startaplar soni ortmoqda. Shuningdek, yoshlarning ham startap loyihalar qilishga bo‘lgan intilishlari ham oshib bormoqda.

Ammo investorlar yurtimizda amalga oshirilayotgan startaplarni bir manzilda topa olishlari muammo. To‘g‘risi, investorlar ko‘pgina yaxshi loyihalardan bexabar qolib ketmoqda. Startap loyihalarni amalga oshiruvchilardagi muammo esa – o‘z loyihasiga mablag‘ jalb qiladigan investor topish uchun muqobil muhit yo‘qligi. Yana bir muammo esa startapchilarda startaplarni sotish bo‘yicha ko‘nikmalar yo‘qligi.

Ammo enda startapchilarda bunday muammolar bo‘lmaydi. Sababi – startaplar sotiladigan Startupmarket.uz nomli yangi tizim ishga tushirilmoqda.

Startupmarket.uz – bu O‘zbekistondagi barcha startaplarga  mablag‘larni jalb qilish va kelgusida ularni sotish maqsadida yaratilgan platforma. Unga joylanayotgan startaplar tizim yordamida o‘zlari uchun kerakli mablag‘ni topishlari mumkin bo‘ladi. Ya’ni tizim startapga investor, fondlar, biznes inkubator topishga yordam beradi.

O‘QING: O‘zbekistonda bepul startap-akseleratorlar tashkil etilishi arafasida

Startupmarket.uz respublikadagi startapchilarga quydagicha ko‘maklashadi:  

  • barcha startaplarni bir platformaga joylaydi;
  • ularni investorga sotish darajasiga olib chiqishga yordam beradi;
  • startapning brendiga alohida e’tibor beradi, agar u yo‘q bo‘lsa yaratadi;
  • sifatli rasm, sotishga olib keladigan so‘zlar va videolar bilan ta’minlab beradi;
  • investorga qiziq bo‘lgan mavzudagi startaplarni sotadi;
  • davlat grantlarini yutishga ko‘maklashadi;
  • startapchilar uchun Global tarifi orqali ularni xalqaro platformalar (Indigogo, Kickstarter, Planeta.ru, Boomstarter)ga joylashtirishda yordam beradi.

Platformadan foydalanish kanday amalga oshiriladi? Startupmarket.uz’dan foydalanish 4 bosqichda amalga oshiriladi:

1-bosqich: Startap egasi Startupmarket.uz  platformasiga kirib, o‘z startapini joylashtiradi.

2-bosqich: Platformaga kelib tushgan startapda talab qilinuvchi ma’lumotlar yetarli bo‘lmasa, startap egasi bilan aloqaga chiqiladi va platforma unga xizmatlarini tariflar orqali taklif qiladi.

3-bosqich: Startapga mahalliy va xalqaro miqyosida investor izlanadi.

4-bosqich: Investor topilgach, startapning egasi bilan investor uchrashtiriladi. Agar startap sotilsa, platforma o‘z foizini oladi.

Umuman olganda, ushbu tizimning auditoriyasi startapchilar, startap loyihalarni investitsiya qiluvchi tashkilotlar va alohida investorlar hisoblanadi.

– O‘zim talaba bo‘lgan paytlarimdan to hozirgi kungacha turli loyihalar, startaplar ustida ishlab yuraman. Biror startapni boshlasam uni kimga ko‘rsatishni, investorlarni qanday topishni, shuningdek, boshqalarni ushbu startapdan qanday boxabar qilishni bilmay qolardim. Keyinchalik bilsam, bunday muammo boshqa startapchilarda ham bor ekan. Shundan so‘ng  Startupmarket.uz’ni yaratishga qaror qildim, – deydi loyiha asoschisi Ulug‘bek Ismatov.


Image may contain: one or more people and indoor

Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, xalqaro bozorda 7,1 foiz startaplar Fintech (moliyaviy yo‘nalishdagi innovatsion texnologiyalarni qo‘llash orqali odatiy moliyaviy tashkilotlar bilan raqobat qilishga qaratilgan yo‘nalishdir, ularga asoslangan startaplarni Fintech startaplar deb atashadi), 2.1 foiz Cleantech (innovatsion tozalash xizmatini ko‘rsatuvchi texnologiyalarga asoslangan yo‘nalish) yo‘nalishlari bo‘yicha o‘z yechimlarini taklif qilishmoqda. Startaplarning to‘laqonli kompaniyaga aylanishiga o‘rtacha 42 oy muddat talab qilinishini hisobga olsak, ularga turli darajalarida xizmat ko‘rsatish nazarda tutiladi. Xalqaro maydonda startaplar bilan ishlovchi platformalar bozori 1-3 milliard AQSh dollari atrofida pul topadi.

O‘QING: TATU talabalari kompyuter va androidlar uchun ilovalar yaratishdi

Yurtimizda ham startaplar uchun ochiq muhit va keng imkoniyatlar yaratilishi borasida bir qancha amaliy ishlar qilinmoqda. Xususan, «Tadbirkorlik va innovatsiyalar sohasidagi loyihalarni moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Prezident farmoni qabul qilinishi ham yuqoridagi fikrlarimiz dalilidir.

Farmonga binoan, investitsiya hamda boshqaruv kompaniyalarini tashkil qilish amaliyoti kengaytiriladi.

Startupmarket.uz  esa, avvalo, mahalliy bozorni shakllantirish bilan shug‘ullanishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. Bundan tashqari, investorlar, ayniqsa xorijiy investorlarning investitsiya hissalarini tezkor va samarali jalb etish uchun uchun ham katta imkoniyat bo‘ladi. O‘ylaymizki, Startupmarket.uz yurtimizda startaplar sotiladigan katta onlayn bozorga aylanadi.

Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, ushbu loyiha har yili o‘tkaziladigan O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va BMT Taraqqiyot Dasturining «O‘zbekiston Respublikasi hudularida tadbirkorlik muhitini takomillashtirish» qo‘shma loyihasi tomonidan yurtimizda «Startap-tashabbuslari» yoshlarning startap-tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan dasturida taqdim etilgan.

O‘QING: Dunyodagi eng qimmat startap

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!