O‘zbekistonlik bloger «Yoshlar» telekanalini sudga bermoqchi

  •   DiMaX
  •  4271
  •  09.05.2018 11:47

O‘zbekistonlik bloger «Yoshlar» telekanalini sudga bermoqchi

Faol blogerlardan biri, Facebook’dagi Troll.uz sahifasi ma’muri Umid G‘ofurov mualliflik huquqini buzganligi uchun «Yoshlar» telekanalini sudga berish niyatida. Bu haqda bloger o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida yozib qoldirdi, deya xabar beradi Korrespondent nashri.

O‘QING: Forbes 2017 yilda eng ko‘p haq olgan blogerlarni e’lon qildi

Ma’lum bo‘lishicha, bloger ijtimoiy tarmoqdagi sahifalariga O‘zbekistonga tashrif buyurgan ko‘zi ojiz sayohatchi Vladimir Vaskevich haqidagi videorolikni yuklagan. Avvaliga unga «Ozodlik» radiosi murojaat qilib, materialdan foydalanishga ruxsat so‘ragan. Bloger e’tiroz bildirmagan va nashr bu videodan foydalanganida manbani keltirib o‘tgan.

Keyin esa «Yoshlar» telekanali ham ushbu videoni muallif ruxsatisiz, manbasini ko‘rsatmasdan efirda namoyish etgan. «Telekanal ushbu videoni efirga berish uchun ruxsat so‘ramagan, videodagi logotipni esa o‘chirib, manbani ham ko‘rsatmagan», – deydi videorolik muallifi.

O‘QING: Hamyonbop smartfon haqida tavsif-blogpost yozing va MDC Uzbekistan’dan smartfon yutib oling!

Bloger o‘z xabarida telekanalning rasmiy uzr so‘rashini, aks holda sudga shikoyat bilan chiqishini ma’lum qilgan. «Bularning barchasi televideniyeda mualliflik huquqining qanchalik hurmat qilishlaridan dalolat beradi. Bir og‘iz so‘rashsa hech kim yo‘q demaydi-ku. «Yoshlar» telekanalidan rasmiy uzr so‘rashlarini talab qilaman. Aks holda sudga berishga majburman. Bu video uchun emas. Qizg‘anganim uchun ham emas. Balki O‘zbekistonda mualliflik huquqlarini hurmat qilishni boshlashlari uchun», – deb qo‘shimcha qiladi bloger.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksida mualliflik huquqini o‘zlashtirganlik, hammualliflikka majbur etganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilangan. Mualliflik huquqini muhofaza etishni tashkiliy huquqiy ta’minlash, bu borada davlat siyosatini amalga oshirish uchun O‘zbekistonda Mualliflik huquqini himoya qilish agentligi faoliyat ko‘rsatadi.

O‘QING: O‘yinqaroq rus blogerining “sho‘riga sho‘rva to‘kildi”