O‘zbekistonlik Facebook foydalanuvchisi bo‘htoni uchun jinoiy javobgarlikka tortiladi

O‘zbekistonlik Facebook foydalanuvchisi bo‘htoni uchun jinoiy javobgarlikka tortiladi

Facebook'dagi "Uzbek MDK" sahifasi foydalanuvchilaridan biri davlat organi xodimiga nisbatan tarmoqda yozib qoldirgan sharhi uchun qonun oldida javob beradi. Bu to‘g‘rida IIV ning Toshkent shahar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jayev bugun bo‘lib o‘tgan brifingda ma’lum qilgan. Bu to‘g‘rida gazeta.uz xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, 10 oktyabrda Uzbek MDK sahifasida e’lon qilingan postda Toshkent shahrining Sergeli tumanida istiqomat qiluvchi ayolga shu yilning 27 iyulida bir erkak tomonidan pichoq yordamida jarohat yetkazilgani bayon etilgan. Jabrlanuvchi esa Sergeli tuman sudining mazkur jinoyatchiga nisbatan chiqargan hukmidan norozi ekanini ma’lum qilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, mazkur holat bo‘yicha Sergeli tuman Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan "Jinoyat kodeksi"ning 277-moddasining qator bandlari bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan va tuman sudi jinoyatchini 3 yillik uy qamog‘iga hukm qilgan. Ya’ni, bu shaxsga 20:00 dan 7:00 ga qadar ko‘chaga chiqish, ommaviy tadbirlarda qatnashish, spirtil ichimliklar ichish taqiqlab qo‘yilgan.

Jabrlanuvchi ayol o‘zining sharhlarida bu jinoyatchining jamiyat uchun xavfli shaxs ekani, u bu jinoyatni yana takrorlashini ham bildirib o‘tgan. Shuningdek, postga nisbatan sharhlarda ishni ko‘rib chiqqan tergovchi va sudya pora olganlikda ham ayblangan.

Doniyor Toshxo‘jayevning ma’lum qilishicha, sudning bu qaror ekspertiza xulosalari hamda vaziyatdan obdon o‘rganish asosida qabul qilingan. Jabrlanuvchi sudning qaroridan norozi bo‘lgan taqdirda, buni qonuniy yo‘l bilan, qayta ko‘rib chiqishga ariza berish orqali hal qilish mumkin edi.

Shuningdek, tuman IIV boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosarining qayd etishicha, mazkur jinoiy ishni olib borgan tergovchilardan biri tuman IIV boshqarmasiga o‘zining shaxsiyatiga nisbatan Facebook tarmog‘ida amalga oshirilgan tuhmatga nisbatan qonun yo‘li bilan chora ko‘rilishini so‘rab murojaat qilgan.

"Agarda tergovchi va sudyaning pora olganligi bo‘yicha ularda biror ma’lumot bo‘lsa, marhamat, taqdim qilishsin", deydi Doniyor Toshxo‘jayev.

Eslatib o‘tamiz, bo‘hton va uydirmalarni tarqatganligi uchun fuqarolar "Jinoyat kodeksi"ning 139-moddasiga ko‘ra javobgarlikka tortiladilar.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!