O‘zbekistonlik startaplar bir million dollarlik investitsiya jalb etish imkoniyatiga ega bo‘ldilar!

  •   DiMaX
  •  1194
  •  09.05.2018 13:13

O‘zbekistonlik startaplar bir million dollarlik investitsiya jalb etish imkoniyatiga ega bo‘ldilar!

Rivojlanayotgan bozorlar orasidagi startaplarning xalqaro musobaqasi – Seedstars World bu yilning may oyida O‘zbekistonga ham kirib keladigan bo‘ldi. Ushbu loyihaning asosiy maqsadi – tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va moliyalashtirish orqali rivojlanayotgan bozorlarida ishsizlikni kamaytirishdir, deb yozadi Spot nashri.

O‘QING: KOICA O‘zbekistondagi startaplarni qo‘llab-quvvatlamoqchi

Kamida ikki yildan beri olib borilayotgan O‘zbekiston startaplari mazkur tanlovda qatnashish uchun ariza berishlari mumkin. G‘olibga Shveysariyada bo‘lib o‘tadigan xalqaro sammitga bepul yo‘llanma taqdim etiladi. U yerdagi yakuniy pitchingda ishtirok etgan startaplar naq bir million dollargacha hajmdagi investitsiyani O‘zbekistonga jalb etish imkonini qo‘lga kiritadilar.

«Seedstars World bu – Silikon (Kremniy) vodiysi va G‘arbiy Yevropadan tashqari hududlardagi boshlovchi tadbirkorlarni investorlar bilan bog‘lovchi platformadir. Modomiki Toshkentdagi ilk tanlovimiz bo‘layotgan ekan, bunda biz mutlaqo yangicha yondashuvlarga ega loyihalarni topishdan umidvormiz. Startaplar va tadbirkorlar uchun har yilgi tadbirlarimiz xaritasiga O‘zbekistonni ham qo‘shib qo‘yadigan lahzani biz sabrsizlik bilan kutmoqdamiz», – deydi Seedstars World bosh amaliyot direktori Katarina Juleniova.

O‘QING: O‘zbekiston delegatsiyasi AQSh dagi "Kremniy vodiysi"dagi nufuzli kompaniyalar bilan kelishuvlar imzoladi

Seedstars World tanloviga ushbu havola orqali ariza berish uchun startap asoschilari ingliz tilida erkin gaplasha olishlari, loyihaning o‘zi esa quyidagi talablarga javob berishi darkor:

  1. Tashkil etilganiga 2 yil to‘lmagan;
  2. Ayni damgacha 500 000 AQSh dollaridan kam miqdorda moliyalashtirilgan;
  3. Texnologik asosli;
  4. Tayyor minimal yashovchan mahsulot (MVP)ga ega va loyihaning ko‘lamdorligini isbotlash imkoniyati;
  5. Tijorat loyihasi bo‘lishi kerak.

Seedstars World tanloviga ariza berishni istagan tadbirkorlar promokod olish uchun loyihaning qisqacha tavsifi hamda taqdimotini tayyorlab, [email protected] manziliga yuborishlari mumkin. Ariza berishning so‘nggi muddati – 2018 yilning 12 may sanasi.

O‘zbekistondagi finalchilar orasidan eng yuqori baholangan o‘ntasi 18 may kuni O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Press-klubida bo‘lib o‘tadigan Seedstars Tashkent pitchingida ishtirok etishadi.

Shuningdek, istagan kishi tadbirda tinglovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tish, tadbirkorlar va investorlar bilan netvorkingda qatnashish uchun ushbu havola orqali murojaat qilishi mumkin.

O‘QING: Innovatsiya tushunchasi haqida