O‘zbekistonning ilk onlayn savdo bozori ishga tushiriladi

O‘zbekistonning ilk onlayn savdo bozori ishga tushiriladi

So‘nggi paytlarda elektron savdo hajmi ulushi jahon miqyosida jadal yuqorilab bormoqda. Mamlakatimizda tadbirkorlikka berilayotgan imkoniyatlar milliy mahsulotlarni xalqaro bozorga olib chiqish uchun zamin yaratmoqda. Qolaversa, mamlakat hududida ham onlayn savo platformalarini yaratish ehtiyoji paydo bo‘lmoqda. Natijada, Internet orqali xarid qilingan mahsulotlarni o‘z vaqtida, xavfsiz yetkazib berish xizmatiga talab oshmoqda. Buning uchun esa xizmat ko‘rsatuvchi oldida zarur logistika infratuzilmasini yaratish vazifasi turibdi.

Shularni inobatga olgan holda, 2018 yilning 8 fevralida “O‘zbekiston pochtasi” AJ da O‘zbekiston milliy pochta operatori hamda Shveytsariyaning “ZOODEL” kompaniyasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv Memorandumi imzolandi. Bu to‘g‘rida O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Axborot xizmati xabar tarqatmoqda.

Memorandum O‘zbekistonda tadbirkorlik sohasida raqobatbardoshlikni oshirish, tadbirkorlarning xalqaro bozorlarga kirib borishi va “Ipak yo‘li” mamlakatlari (Xitoy, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Rossiya Federatsiyasi, Armaniston, Ozarboyjon, Gruziya, Turkiya, Livan, Afg‘oniston, Eron, Iroq, Pokiston) bilan savdo-sotiq hamkorligini yo‘lga qo‘yshda muhim ahamiyat kasb etadi.

Memorandumga muvofiq, 2018 yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda ZoodMall yangi elektron onlayn maydonchasi ishga tushiriladi va bu orqali ishlab chiqarish kompaniyalari va dillerlar o‘z mollarini vositachilarsiz sotish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Buning uchun milliy va xalqaro ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlari maxsus mobil ilovalarga joylashtiriladi;

ZoodMall orqali milliy mahsulotlarni eBay, AliExpress, Lazada, Cdiscount kabi xalqaro savdo maydonchalarida sotiladi. Natijada, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar har kuni jahon miqyosida yuz millionlab xaridorlar diqqatiga havola qilinadi.

ZOODEL kompaniyasining MDH mamlakatlari bo‘yicha Bosh direktori S.Muxamedaliyevning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya mobil ilovasidan 300 milliondan ortiq xalqaro xaridor foydalanadi. Bu esa o‘zbek tadbirkorlariga xorij bozorlariga oson chiqish imkonin beradi. Bu jarayonda O‘zbekiston milliy pochta operatori esa mahsulotlarni sifatli yetkazib berishni o‘z zimmasiga oladi.

Shuningdek, tomonlar o‘zaro konsultativ tajriba va ma’lumotlar almashish, elektron tijorat sohasida o‘quvlar tashkil qilish, bu yo‘nalishdagi xalqaro tadbirlarda qatnashishda hamkorlik qiladilar.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yilning 22 yanvarida qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida"gi farmoni asosida O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi elektron tijorat sohasida maxsus vakolatli davlat organi etib belgilandi.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.