Panasonic kameralari suratni turli fokuslarda olish funksiyasiga ega bo‘ladi

Panasonic kameralari suratni turli fokuslarda olish funksiyasiga ega bo‘ladi

Yaponiyaning keng tarmoqli Panasonic kompaniyasi o‘zining Lumix GX7, G8, hamda FZ300 rusumli kameralari uchun yangi – “Post Focus”  (Fokusni sozlash) funksiyasini ishlab chiqayotganini ma’lum qildi. Bepul taqdim etilishi ko‘zda tutilayotgan dasturni 2015 yil so‘nggidan 2016 yilning bahoriga qadar yuklab olish mumkin.

Bu texnologiya fotosuratlar fokusini surat olingandan keyin ham tahrir qilish imkonini beruvchi 4K formatida yozib oladi. Avtofokus imkoniyatiga ega barcha turdagi ob’yektivlardan “Post Focus” rejimida foydalansa bo‘ladi.

“Post Focus”  yangi rejimi yordamida kamera bir vaqtning o‘zida muayyan manzarani turli fokuslarda bir necha marotaba suratga oladi va suratkashga ma’qul suratni tanlash imkoniyatini beradi.

Endi suratkashning kerakli mavzu uchun kadr tanlashining o‘zi kifoya. Fokus aniqligini kameraning o‘ziga qo‘yib berish mumkin. Bu esa olingan suratlarga badiiy bezak berish, tasvirga kayfiyat bag‘ishlashda ayni muddao.

Ammo, Lumix kameralari yuqori megapiksel imkoniyatlariga ega bo‘lsa-da, fokusni sozlash rejimida 4K formatidagi tasvirlar avtomatik ravishda 8 megapikselda saqlab qolinadi.

Shu bois, kompaniya bu funksiyadan samarali foydalanish maqsadida, undan portretlar ishlash, manzaralarni suratga olishda foydalanishni maslahat bermoqda.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!