«Parda ortida yomon niyat bor» – TikTok’ni sudga berishdi!

  •   DiMaX
  •  948
  •  22.04.2021 17:30

«Parda ortida yomon niyat bor» – TikTok’ni sudga berishdi!

Buyuk Britaniya Bolalar komissiyasining sobiq a’zosi Anne Longfild TikTok platformaga qarshi da’vo arizasi bilan sudga murojaat qildi, deb yozadi Kun.uz nashri. Mazkur da’voda TikTok ilova orqali bolalarning telefon raqamlari, videolari, joylashuvi va biometrik ma’lumotlari kabi axborotlarni «yetarli darajadagi ogohlantirishsiz» to‘plagani iddao qilinmoqda.

O‘QING: Vaziyat jiddiy: TikTok endi ayrim videolarni qo‘yishni cheklaydi

TikTok ushbu ma’lumotlarni to‘plash paytida shaffof harakat qilmaganlikda, qonunda belgilangan ruxsatlarni olmaganlikda va ushbu ma’lumotlardan qanday foydalanish borasida ota-onalar hamda bolalarga yetarli darajada ma’lumot bermaganlikda ayblanmoqda.

Agar TikTok Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqidagi da’volarda aybdor deb topilsa, video almashish dasturidan foydalangan va kompaniyadan zarar ko‘rgan har bir bola nomidan tovon puli talab qilinishi mumkin.

TikTok: «Ayblovlar asossiz»

TikTok esa ushbu ayblovlar «asossiz» ekanini ta’kidlab, sud idoralari oldida bunga qarshi turishini bildirdi.

«Maxfiylik va xavfsizlik – TikTok’ning ustuvor vazifalaridir. Biz barcha foydalanuvchilarimizni va ayniqsa yosh foydalanuvchilarni himoya qilish maqsadida o‘z siyosatimiz va texnologiyalarimizni kuchaytirdik», deydi TikTok ma’muriyati shikoyatlarga javoban bayonot berar ekan.

Ma’lumot o‘rnida qayd etish joiz, TikTok dunyo bo‘ylab 800 milliondan ortiq foydalanuvchiga ega. ByteDance kompaniyasiga tegishli ilova o‘tgan yili reklamadan 37 milliard dollar foyda ko‘rganini ma’lum qildi.

O‘QING: 14 yoshli TikTok-bloger qiz nogiron opasini o‘ldirib qo‘ydi

«Parda ortida yomon niyat bor»

2018 yil 25 maydan beri ushbu ilovadan foydalanib kelayotgan bolalar nomidan sudga da’vo arizasi bilan murojaat qilgan Longfild asosan TikTok’ga e’tibor qaratishini aytdi, chunki dastur «haddan tashqari» ma’lumot to‘plash siyosatiga ega: «TikTok – og‘ir kechgan yilda bolalarga o‘z do‘stlari bilan bog‘lanishda yordam bergan, juda keng tarqalgan ijtimoiy media platformasidir. Ammo komik qo‘shiqlar yoki raqslarning parda ortida juda ko‘p yomon niyatlar bor».

Longfildning ta’kidlashicha, ushbu ilova «ota-onalarni qasddan va muvaffaqiyatli tarzda alday olgan». Oilalar esa qanday ma’lumotlar yig‘ilayotganligini bilish huquqiga ega.

Da’vo bo‘yicha advokatlik ishini yuritayotgan Scott and Scott nomli advokatlik firmasi mutaxassisi Tom Sautvell esa TikTok’ning ma’lumot yig‘ish jarayonlari Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqining ma’lumotlarni himoya qilish to‘g‘risidagi qonunlariga jiddiy tarzda zid keladi, degan fikrda: «TikTok va ByteDance’ning reklama daromadi o‘z foydalanuvchilaridan yig‘iladigan shaxsiy ma’lumotlarga asoslanadi. Ular orasida bolalarga oid axborotlar ham bor. Ular qonuniy majburiyatlarga va bolalarni himoya qilish bo‘yicha o‘zlarining axloqiy javobgarligiga rioya qilmay turib, ushbu ma’lumotdan foyda olishlari esa qabul qilinishi mumkin bo‘lmagan holdir».

O‘QING: TikTok manguga bloklandi

Bu birinchisi emas

Ta’kidlash kerakki, oldin ham xuddi shunday ayblov bilan TikTok’ka qarshi sud da’vosi ochilgan edi.

2019 yilda AQSh Federal savdo komissiyasi bolalarning ma’lumotlarini yig‘ish jarayoni sabab kompaniyani 5,7 million dollar miqdorida jarimaga tortgandi.

TikTok xuddi shu ayblov bilan Janubiy Koreya va Buyuk Britaniyada ham jazolangan edi.

Britaniyaning Ofcom ommaviy axborot vositalarini nazorat qilish agentligining ta’kidlashicha, 13 yoshdan kichiklarning foydalanishi mumkin emasligi aytilgan TikTok’dan Buyuk Britaniyadagi 8-12 yoshdagi bolalarning 44 foizi foydalanmoqda. Chunki bolalar o‘z yoshlari to‘g‘risidagi ma’lumotni noto‘g‘ri ko‘rsatish orqali ilovaga a’zo bo‘lishlari mumkin.

2019 yilda BBC tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, TikTok’dagi bolalar ilovadagi taniqli shaxslardan u yoki bu narsani pul evaziga sotib olish bosimi ostida qolishgan. Taniqli shaxslar esa buning evaziga bolalarga o‘z telefon raqamlarini berishga yoki ularga shaxsiy xabar yuborishga va’da berishgan.

BBC’ning bu boradagi xabarlaridan so‘ng pul jo‘natish imkoniyati kattalar bilan cheklangan edi.

O‘QING: «TikTok qirolichasi» – 16 yashar raqqosa tarixga kirdi!

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!