Parijdagi taqdimotda ko‘rsatilmagan Huawei P30 Lite namoyish etilib, allaqachon sotuvga ham chiqdi!

  •   DiMaX
  •  3183
  •  28.03.2019 16:26

Parijdagi taqdimotda ko‘rsatilmagan Huawei P30 Lite namoyish etilib, allaqachon sotuvga ham chiqdi!

Kuni kecha Parij shahridagi maxsus tadbirda xitoylik kompaniya standart Huawei P30 flagmani hamda uning yanada ilg‘or – P30 Pro versiyasini taqdim etganidan xabaringiz bor. Unda yana mazkur smartfonning nisbatan arzon va xususiyatlari soddaroq varianti – Huawei P30 Lite ham kutilgan edi, ammo u namoyish etilmagandi.

O‘QING: Huawei P30 hamda P30 Pro taqdim etildi: 10 karralik zum, tunda ham kunduzgidek surat!

Huawei P30 Lite modelini kompaniya Parijdagi anjumanda ko‘rsatish tugul, eslagani ham yo‘q, ammo oradan bir kun o‘tib, shu modelini namoyish qildi. Aniqrog‘i – buning uchun maxsus tadbir o‘tkazmadi-da, shunchaki smartfon xususiyatlarini rasman ma’lum etib, ayrim mamlakatlarda uning uchun oldindan buyurtma qabul qila boshladi!

Huawei P30 Lite diagonaliga 6,15 dyuymlik IPS-ekran bilan jihozlangan bo‘lib, uning tomonlari o‘zaro 19,5:9 nisbatda, tasvir aniqligi esa Full HD+ formatida. Smartfon 4 yadroli Kirin 710 protsessoriga ega, unda grafikani qayta ishlash uchun Mali-G51 chipi mavjud. Qurilma 6/128 gigabaytlik tezkor/doimiy xotiraga, daktiloskopik skanerga hamda 3.5 millimetrlik audiotirqishga ega. 3340 mA/soatlik akkumulyatori USB Type-C porti orqali 18 vattlik adapterdan tezkor quvvat ola biladi. Umuman olganda, bu – yaqinda Xitoy bozoriga Huawei Nova 4e modeli sifatida taqdim etilgan smartfonning global versiyasidir.

O‘QING: Huawei Nova 4e (yoki Huawei P30 Lite) taqdim etildi – «uch ko‘zli» selfifon!

Xitoylik texnogigant Huawei P30 Lite modelini ham Leica optikasiga ega kamera bilan jihozlagan. Bosh kamera uch modulli: 24 MPlik asosiy, 8 MPlik keng burchakli hamda 2 MPlik chuqurlik sensori. Selfilar uchun displey tepasidagi tomchisimon “kemtik”da 32 MPlik yakka datchik qo‘llangan.

 Aftidan, Huawei P30 Lite korpusi metalldan ishlangan va ustidan shisha qoplangan (qimmat modellardagi kabi). Uni oq, qora va moviy-binafsharang gradiyent ranglarda taklif etishyapti. O‘lchamlari 152,9x72,7x7,4 millimetrga teng, vazni esa 159 gramm tosh bosadi. Smartfon Android 9.0 Pie operatsion tizimi bazasidagi EMUI 9 grafik qobig‘i ostida ishlaydi. Shuningdek, xitoylik kompaniya unga o‘zining GPU Turbo 2.0 texnologiyasini ham tatbiq etgan.

Huawei bu modeli uchun allaqachon avvaldan buyurtma ochgan, narxiga keladigan bo‘lsak, bozoriga qarab sal farqlanadi. Kanadada unga 335 AQSh dollariga narxlangan va oldindan buyurtma rasmiylashtirganlarga Huawei Band 3 Pro fitnes-brasleti ham qo‘shib berishadi.

Filippinda esa Huawei P30 Lite arzonroq – 322 dollar bo‘lib, avvaldan buyurtma rasmiylashtirgan xaridorlarga bir necha aksessuar: Bluetooth-kolonka, selfi-tayoq, himoya shishasi, g‘ilof va portativ akkumulyator ham hadya!

Buyurtmachilarga kompaniya ushbu smartfonni aprelning boshidan yetkazib bera boshlaydi. Bizning Terashop.uz internet-do‘konimizda esa 825 000 so‘mdan boshlanuvchi turli Huawei smartfonlarini xarid qilish mumkin va bunda buyurtmani uzog‘i bilan ikki ish kunida qo‘lingizga olasiz.

O‘QING: Huawei quloqchinsiz musiqa tinglash imkonini beruvchi Smart Eyewear «aqlli» ko‘zoynagini taqdim etdi

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!