Pavel Durov Apple va Google’ni “tarixdagi eng yirik qalloblar” dedi va fikrini izohladi

Pavel Durov Apple va Google’ni “tarixdagi eng yirik qalloblar” dedi va fikrini izohladi

«VKontakte» ijtimoiy tarmog‘i hamda Telegram messenjeri muallifi Pavel Durov Apple va Google kompaniyalarini “insoniyat tarixidagi mijozlariga xiyonat qilayotgan eng yirik tovlamachilar” deb atadi. Pavelning ma’lum qilishicha, bu kompaniyalar foydalanuvchilarining yozishmalarini o‘qib, qo‘ng‘iroqlarini tinglaydi hamda ularni turli davlatlardagi huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yetkazib beradi.

Durovga ko‘ra, Telegram foydalanuvchilariga yaqindagina qo‘ng‘iroqlarni shifrlash imkoni berildi va uning yordamida bu tarmoqdagi yozishmalar va qo‘ng‘iroqlarning xavfsizligi yuqori darajada ta’minlanadi.

«Biz boshqa xizmatlardan farqli ravishda, o‘z foydalanuvchilarimizning ma’lumotlarini tegishli organlarga taqdim qilishdan bosh tortganimiz uchun, Yer yuzining turli davlatlarida Telegram faoliyati bilan bog‘liq turli muammolar kuzatildi. Ammo, biz qarorimizda qat’iy turamiz. Mana, faoliyat olib borayotganiga 3.5 yil bo‘libdiki, Telegram 3-tomonga foydalanuvchilari to‘g‘risida roppa-rosa 0 bayt ma’lumotni taqdim qildi», – deydi Durov.

Biznesmenning ma’lum qilishicha, aynan kompaniya foydalanuvchilari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni berishdan bosh tortgani uchun ham, Saudiya Arabistonida Telegram tarmog‘idan foydalanish trafigi siqib qo‘yilgan, Xitoy, Oman va Eronda esa bu xizmat blokirovka qilingan. Misol uchun, Telegram’ning raqibi bo‘lgan WhatsApp yoki ommabop Facebook tarmog‘i yuqoridagi mamlakatlarda bunday to‘siqqa duch kelgani yo‘q. Chunki bu xizmat kerakli ma’lumotlarni kerakli joylarga qo‘sh qo‘llab tutqazadi.

«WhatsApp’ning kimningdir qo‘ng‘irog‘ini tinglashi yoki xabarlarini o‘qishi tasdig‘ini topmagan yoki yolg‘on, degan xabarlarga ishonmang. WhatsApp o‘zining 99,99% foydalanuvchilarining ma’lumotlarini sezdirmasdan shifrdan chiqaradi va kerak vaqtda ulardan foydalanadi», – qo‘shimcha qildi Durov.

Uningcha, Apple hamda Google kabi kompaniyalar WhatsApp’dagi ma’lumotlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri kirib o‘qiy oladi.

«Sir emaski, hukumat va boshqaruvchi organlar Telegram’ga nisbatan salbiy munosabatda. Mayli, ular bizni bloklab qo‘yishsa ham. Biz o‘z qoidalarimizni o‘zgartirmaymiz va foydalanuvchilarimizning haq-huquqlarini himoya qilamiz, – xulosa qiladi Durov.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!