Pavel Durov Rossiya hududida Telegram'ning bloklanishiga rozi bo‘ldi

Pavel Durov Rossiya hududida Telegram'ning bloklanishiga rozi bo‘ldi

Rossiyalik Pavel Durov hozirda mamlakatda eng mashhur ijtimoiy tarmoq hisoblanuvchi «VKontakte»dan ketganidan so‘ng Telegram messenjerini yaratgan edi. Atigi bir necha yil ichida ushbu messenjer butun dunyo, jumladan, Rossiyaning o‘zida ham tezlikda mashhurlikka erishib oldi. Ayni vaqtda Rossiya hukumati Telegram’ni bloklash borasida Durovga bosim o‘tkazishdan charchamayapti.

O‘QING: Muddat tugadi: Telegram’ni bloklash uchun sudga ariza topshirildi

Rossiya qonunchiligiga ko‘ra, ushbu messenjer xizmati FSB (Federal Xavfsizlik Xizmati) qo‘liga o‘z foydalanuvchilari haqida ma’lumot va yuborilayotgan xabarlarni o‘qishga imkon beruvchi maxsus shifrlash kodini taqdim qilishi lozim. Biroq Pavel Durov bu talabni bajarishdan bosh tortmoqda.

Ertaga, ya’ni 13 aprel kuni Moskva shahar Taganskiy tumani sudi Roskomnadzor tomonidan kiritilgan da’voni ko‘rib chiqishi lozim. Ushbu sudning yakuniy xulosasi Telegram Rossiya hududida bloklanadimi yoki yo‘qmi, degan savolga oydinlik kiritadi.

Bugun Telegram'ning Rossiya Federatsiyadagi manfaatlarini himoya qiluvchi «Agora» xalqaro huquqni muhofaza qilish guruhi rahbariyati uning yuristlari xizmatning mazkur mamlakatdagi bo‘lajak taqdirini hal qilajak sud majlisida qatnashmasligi to‘g‘risida xabar oldi. Bunday qarorni shaxsan Pavel Durovning o‘zi qabul qilgan. Bu bilan Durov messenjerni Rossiya Federatsiyasi hududida bloklanishiga ixtiyoriy rozilik bildirmoqda.

Telegram asoschisi o‘z yuristlari sud majlisida ishtirok etib, kompaniyaga qarshi boshlangan «ochiq o‘yinni legitimlashtirmasligi» zarur, deb hisoblamoqda. Boshqacha so‘z bilan aytganda, ertaga boshlanadigan sud natijasi 99,9 foiz aniqlikda Telegram'ning Rossiya hududida bloklash haqidagi qaror bilan tugaydi. Sababi Rossiya sudlari Roskomnadzor tarafida turishini anglash qiyin emas. Sud majlisi ertaga Moskva vaqti bilan ertalabki soat 10:00 da boshlanadi va bir necha soat ichida tugashi kutilmoqda.

O‘QING: Telegram va Roskomnadzor mojarosiga Ramzan Qodirov ham aralashdi

Bugun Roskomnadzorning rasmiy vakili sud qaror qabul qilishi bilanoq Telegram bloklanishi haqida bayonot bergan edi. Demak ertadan butun Rossiya hududiga foydalanuvchilar dunyodagi eng ishonchli va tezkor messenjer xizmatlarining biridan foydalana olmay qolishlarini kutish mumkin. Bunga sabab esa shunchaki messenjer rahbariyatining foydalanuvchilar haqidagi ma’lumotlar hamda ularning yozishmalarini maxsus xizmatlarga taqdim etishdan bosh tortayotgani bo‘lmoqda.

Ushbu sabab bilan Whatsapp, Viber, Facebook, Instagram, Skype va boshqa qator xizmatlar ham butun Rossiya hududida blokka solinishi mumkin. Ularning barchasi Telegram kabi foydalanuvchilar haqidagi ma’lumotlarni maxsus xizmatlarga topshirmaydi. Ushbu xizmatlar rahbariyati bunday talab qo‘yilganda ham uni bajarishdan bosh tortishlari ehtimoli yuqori. Biroq hozircha ular Telegram kabi bosimga uchramayotir.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!