Pavel Durov xodimlarini AQSh maxsus xizmati “sotib olish”ga uringanini aytdi

Pavel Durov xodimlarini AQSh maxsus xizmati “sotib olish”ga uringanini aytdi

Telegram messenjeri asoschisi Pavel Durov o‘zining Twitter-akkauntida Amerika maxsus xizmati xodimlari uning dastur ishlab chiqaruvchilariga pora taklif qilganliklarini aytdi.

«2016 yilda Amerikaga jamoamiz bilan bir haftalik tashrifimiz davomida AQSh maxsus xizmati xodimlari 2 marotaba kompaniya dasturchilariga pul taklif qilib, ularni o‘zlariga og‘dirib olishga urinishgan. Shuningdek, FQB tomonidan menga nisbatan ham tazyiq o‘tkazildi», — deydi Durov.

«AQShda ma’lumotni mustaqil va xavfsiz shifrlovchi ishonchli ilovalarni yaratish mumkin, deb o‘ylash — soddalikdir», — xulosa qiladi tadbirkor.

«VKontakte» ijtimoiy tarmog‘i asoschisi Pavel Durov 2013 yilda Telegram messenjerini ishga tushirgan. Ayni paytda bu tarmoqdan 100 milliondan ziyod odam foydalanadi. Ilovani yaratish chog‘ida foydalanuvchining ma’lumotlarini kuchli himoyalashga asosiy e’tibor qaratilgan.

So‘nggi vaqtda AQSh hukumati va Durov o‘rtasida kelishmovchiliklar kelib chiqmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQShga so‘ralgan ma’lumotlarni taqdim qilmagani uchun uni har tomonlama bosim ostiga olishmoqda.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!