Peakago – atigi 300 dollarlik, eng mitti noutbuk-planshet! (+video)

  •   DiMaX
  •  797
  •  04.11.2019 15:52

Peakago – atigi 300 dollarlik, eng mitti noutbuk-planshet! (+video)

Pol Klinger ismli dasturchi ThinkTiny deb nomlangan juda mitti o‘yin noutbukini yaratgani haqida xabar va uning «jonli» videosini chiqargandik. Bugun esa haqiqiy – seriyali tarzda ishlab chiqarilishga mo‘ljallangan, odatiy amallarni bajarsa bo‘ladigan eng ixcham noutbuk haqida ma’lumot bermoqdamiz.

O‘QING: Endi har qanday smartfonni atigi 150 dollar evaziga noutbukka aylantirish mumkin! (+video)

IndieGoGo kraudfanding maydonchasida jamoaviy mablag‘ to‘plashga qo‘yilgan yangi gadjet – 7 dyuymlik tachskrin hamda IPS-matritsali noutbuk bo‘lib, uning vazni atigi 536 gramm keladi. Ishlab chiquvchilar uni safarlarda olib yurish qiyin bo‘lgan beso‘naqay va og‘ir laptoplarga muqobil devays sifatida taqdim etishgan.

O‘z vazni va o‘lchamiga qaraganda, Peakago boy apparat ta’minotiga ega: Intel 8350 chipseti, 8 gigabaytlik tezkor xotira. Ma’lumotlarni saqlash uchun esa unga 128 gigabaytlik SSD-disk o‘rnatilgan. Bularning barchasi Windows 10 tizimida bemalol ishlash imkonini beradi.

O‘QING: IFA 2019: Dunyodagi eng qudratli noutbuk taqdim etildi, videokartasining o‘zi 4000 dollar turadi!

Peakago gibrid qurilma bo‘lib, uni nafaqat noutbuk, balki planshet sifatida ham qo‘llasa bo‘ladi. Klaviatura panelini ekranning orqasiga qayirib buklansa, tugmachalari bloklanadi va devays sensor ekranning o‘zidan boshqarilaveradi. Shuningdek, uni «uycha» shaklida stolga qo‘yib, videokontent tomosha qilish mumkin.

Aloqa uchun Peakago noutbukiga 4G hamda Wi-Fi modullari o‘rnatilgan, ma’lumot almashishga USB 3.0 va Type-C portlari mavjud, bulardan ikkinchisi 4500 mA/soatlik akkumuyatorini quvvatlashga ham ishlatiladi. Micro HDMI porti vositasida tasvirni katta ekranga uzatish imkoni ham bor. Ekranining ustida 0,3 megapiksellik kamera o‘rnatilgan.

O‘QING: Noutbuk tanlashda e’tiborga olish kerak bo‘lgan 10 jihat

Mana, mitti gibridning qanday ishlashini quyida tomosha qilamiz:

Mazkur gibrid gadjetni ishlab chiqqan kompaniya uning sinovchi-tavsifchilarga uning prototiplarini jo‘natmoqda. Uning sotuvga chiqish sanasi hozircha noma’lum, narxi esa 300 dollar bo‘ladi, deyishmoqda.

O‘QING: Aldanib qolmang: noutbukni ochmasdan batareyasini tekshirish usullari

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.