Philips ko‘z uchun bezarar smartfonni taqdim etdi

Philips ko‘z uchun bezarar smartfonni taqdim etdi

Sir emaski, smartfonlar ko‘z salomatligi uchun zararli. Gap shundaki, ular ekrani moviy rangdagi qisqa to‘lqinli nurlarni taratadi. Ushbu nur ko‘z to‘qimalariga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Philips kompaniyasi mazkur masalaga e’tibor qaratib, ekraniga soatlab tikilsa-da ko‘rish qobiliyatiga ziyon yetkazmaydigan ikkita smartfonini taqdim etdi.

Philips kompaniyasi yangi Sapphire S616 va Sapphire Life V787 smartfonlarida inqilobiy SoftBlue texnologiyasidan foydalandi. Mazkur texnologiya sharofati bilan smartfon ekranlarida ko‘k nurlar taratish hajmi 86 foizga kamaydi. Shuningdek, kompaniya mutaxassislarining tasdiqlashicha, suratlar sifati, ekran yorug‘ligi va ranglar to‘yinganligi o‘zgarishsiz saqlab qolingan.

Philips Sapphire S616 smartfoni 5,5 dyumli (1 dyum – 2,54 sm) FHD-hajmli IPS-ekran, MediaTek MT6753 protsessori, 2 Gb tezkor va 16 Gb ichki xotira bilan ta’minlanib, unga 128 Gb gacha microSD  xotira kartalarini joylashtirish mumkin. f/2.0 aperturali optikaga ega asosiy orqa kamerasi 13 megapikselni tashkil etsa, old kamerasi 2 Mp hajmli selfi suratlarni olish va videoqo‘ng‘iroqlarni amalga oshirishga imkon beradi. Smartfonga ikkita sim karta joylashtirish mumkin bo‘lib, u LTE tarmog‘ida ishlaydi. Akkumulyatorining hajmi esa 3000 mAs ni tashkil etadi.

Philips Sapphire S616 smartfoni Android 5.1 operatsion sistemasida ishlaydi va Philips UI firma interfeysiga ega. Yangi mahsulot 2015 yilning noyabr oyidan sotuvga chiqarilib, uning taxminiy narxi 222 dollar bo‘lishi aytilmoqda.

Noyabr oyida, shuningdek, Philips Sapphire Life V787 smartfoni ham savdolarga chiqariladi. Biroq uning narxi hozircha noma’lum. Smartfonning texnik xususiyatlari Philips Sapphire S616 bilan deyarli bir xil. Ammo batareyasining hajmi 5000 mAs ga qadar oshirilgan. Shuningdek, yangi mahsulot kompaniya tomonidan ishlab chiqarilgan Xenium texnologiyasi bilan ta’minlanib, suhbat rejimida smartfondan 47 soatgacha avtonom ravishda foydalanish imkoniyatini taqdim etadi.

Shu bilan birga, Philips Sapphire Life V787 5 dyumli FHD-ekranga ega bo‘lib, undagi piksellar zichligi ikkinchi smartfonga nisbatan yuqoriroq va 441 ppi`ni tashkil etadi. 13 megapikselli fotokamerasi fazali avtofokus bilan ta’minlanib, ob’yektni “qo‘lga tushirish”ga bor-yo‘g‘i 0,2 soniya sarflaydi.