«Pistali muzqaymoq»: yakuniy Android P taqdimot kuni ham ma’lum!

  •   DiMaX
  •  1312
  •  03.08.2018 14:46

«Pistali muzqaymoq»: yakuniy Android P taqdimot kuni ham ma’lum!

Google kompaniyasi o‘z mobil operatsion tizimining yangi talqinlari chiqarilish vaqtini qattiq sir tutadi. Lekin odatda bu kabi ma’lumotlarni jamoatchilikka insayderlar oshkor etib qo‘yishadi.

O‘QING: Siz uzoq kutgan funksiya Android P talqinida bo‘ladi!

Jumladan, tizim to‘qqizinchi avlodining ilk versiyasi – Android P DP 1 joriy yilning mart oyida chiqqan, o‘tgan haftada uning so‘nggi – to‘rtinchi beta-talqini taqdim etilgan. Android P’ning yakuniy versiyasi esa ushbu yilning uchinchi choragida chiqarilishi kutilmoqda.

Mashhur insayder Evan Blassga ko‘ra, yakuniy Android P taqdimoti 20 avgustda bo‘lib o‘tadi. Insayder o‘zining Twitter-sahifasida avgust oyi kalendari aks ettirilgan suratni e’lon qilgan – undagi 20 avgust sanasiga lotincha «P» belgisi tushirilgan:

Blass bu mikropostini hech qanaqasiga izohlamagan, ammo bu yerda navbatdagi Android talqini haqida gap ketayotganini anglash qiyin emas. Zero, uning bitta oldingi – Android 8 Oreo talqini taqdimoti o‘tgan yilning 21 avgustida bo‘lib o‘tgandi.

O‘QING: Android P beta-versiyasi chiqdi. Qaysi smartfonlarga uni hoziroq o‘rnatish mumkin?

«Yashil robotchali» operatsion tizimning to‘qqizinchi talqini nomi borasida esa hozircha birorta aniq ma’lumot yo‘q. Taxmin qilingan variantlar orasida quyidagilar ham mavjud: Petit Four, Pound Cake, Pastille, Popsicle, Pancake, Puff Pastry, Pecan Pie, Pumpkin Pie, Peanut, Pistachio va hokazo.

Ayni damgacha kuzatuvchilarning aksariyati bular orasidan Pie (pirog) hamda Pineapple (ananas) variantini haqiqatga yaqinroq, deyishmoqda. Ammo yaqindagina Huawei kompaniyasi mijoz bilan suhbat chog‘ida tasodifan Android 9 talqinining nomini aytib yuborgan. Unga ko‘ra, mazkur tizim Pistachio (pista) deb atalishi kutilmoqda.

Ammo an’anaviy tarzda shirinliklar nomi bilan atalib kelayotgan Android tizimiga «Pista» deya nom qo‘yishmasa kerak. Shunga ko‘ra, Android’ning to‘qqizinchi talqini Pistachio Ice Cream – «Pistali muzqaymoq» deb atalishi ehtimoli yuqori.

O‘QING: Android P haqida yangi ma’lumot: hayratda qolishingiz turgan gap

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!