Pixel 4a taqdim etildi: iPhone SE 2020 kushandasi undan 100 dollarga arzon! (+video)

  •   DiMaX
  •  1003
  •  04.08.2020 10:59

Pixel 4a taqdim etildi: iPhone SE 2020 kushandasi undan 100 dollarga arzon! (+video)

Google kompaniyasining Pixel 4a smartfoni haqida deyarli barcha ma’lumotlar tarqalib bo‘lgan, uning «jonli» suratlari, xususiyatlari va hatto narxini ham e’lon qilganmiz. Yaqinda esa kompaniya uni adashib o‘z do‘koniga chiqarib ham qo‘ygandi.

O‘QING: O‘tgan yili Google xitoylik kompaniyadan ko‘ra ko‘proq smartfon sotgan

Kecha – 3 avgust kuni, nihoyat, hamyonbop Pixel 4a smartfonining rasmiy namoyishi bo‘lib o‘tdi. Google uni o‘lchami 5,81 dyuymlik, aniqligi Full HD+ formatli OLED-displey bilan ta’minlagan. Ekranning yuqori chap burchagida 8 megapiksellik selfi-kamera uchun tirqish o‘yilgan.

Yangi «piksel»ning bosh kamerasi ham yakka – 12,2 megapiksellik (xuddi Pixel 4 modelidagi singari) datchikka ega. Fotochaqnoq bilan birga kvadrat blokka joylangan bosh kameraga optik va elektron barqarorlashtirish tizimi joriy etilgan. Smartfonning orqa panelida barmoq izi skaneri ham joylangan.

Pixel 4a uchun Qualcomm Snapdragon 730G protsessori hamda 3140 mA/soatlik akkumulyator tanlangan. Qurilma 18 vattlik tezkor quvvatlash texnologiyasiga ega va tegishli zaryadnik ham smartfon jamlanmasiga kiritilgan.

O‘QING: Insayder quloqchinsiz va quvvatlagichsiz iPhone 12 qadog‘ini videoda ko‘rsatdi

Google yangi smartfoni korpusiga stereodinamik bilan birga, quloqchin uchun 3,5 millimetrlik audiotirqish ham o‘rnatgan. Pixel 4a toza Android tizimida ishlaydi, uni yana Titan M xavfsizlik moduli bilan ham ta’minlashgan.

Pixel 4a faqat qora rangda va yagona konfiguratsiyada – 6/128 gigabaytlik tezkor/doimiy xotirali variantda chiqarishgan. Google uning uchun 349 AQSh dollari miqdorida narx belgilagan; uning asosiy raqibi – iPhone SE 2020 (iPhone SE 2 yoki iPhone 9) ixcham smartfonining bunday konfiguratsiyalisi bundan 100 dollarga qimmat.

O‘QING: Apple rahbari iPhone SE 2020’ning istalgan Android-smartfondan asosiy afzalligini ma’lum qildi

Quyida Pixel 4a modelining videotavsifini (ingliz tilida) tomosha qilamiz:

Yangi smartfon uchun oldindan buyurtma olish allaqachon boshlangan, ochiq savdoga esa uni 20 avgustda chiqarishadi. Pixel 4a xaridorlari bonus tarzida YouTube Premium, Google Play Pass hamda Google One servislari uchun uch oylik bepul obunaga ham ega bo‘lishadi.

Shuningdek, kompaniya 5G tarmog‘ida ishlovchi Pixel 4a versiyasini ham e’lon qildi. Lekin uning taqdimoti kuzda, Pixel 5 bilan birga o‘tkaziladi.

O‘QING: Pandemiya pallasida bittagina kompaniya smartfonlari savdosi o‘sdi, tag‘in naq 25 foizga!

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.