Pixel Tablet bilan Google yana planshetlar biznesiga qaytdi!

Pixel Tablet bilan Google yana planshetlar biznesiga qaytdi!

Google planshetlar bilan biroz omadsiz tarixga ega. Ushbu bozorda kompaniyaning yagona muvaffaqiyati 2012-yili chiqarilgan Nexus 7 plansheti bo'lgan. Keyingi yillarda esa kompaniya sensor ekranli portativ kompyuterlar bilan ko'plab idealarni sinab ko'rgan, Android yoki ChromeOS bilan yangi planshetlarni ishga tushirgan, ammo ko'p o'tmay ulardan voz kechgan. Ularning hech qaysi biri Nexus 7 kabi mashhur bo'la olmagan va 2019-yilga kelib, kompaniya planshetlar bozorida chiqayotgani ma'lum bo'lgan edi. Biroq, bo'lib o'tgan Google I/O 2023 konferensiyasi barchasini o'zgartirdi – Google o'zining Pixel Tablet nomli yangi planshetini taqdim qildi va katta ekranli qurilmalar bozoriga qaytdi.

Google'ning Pixel Tablet plansheti 10.95 dyuymli 2560×1600 piksel rezolyutsiyasidagi LCD ekranga ega bo'lib, u USI 2.0 stilusini qo'llab-quvvatlaydi. Uzoqdan plastikka o'xshab ko'rinsa-da, planshet alyuminiy ramkaga ega.

Pixel Tablet old tomonida ham, orqa tomonida ham 8 MP kamera bilan jihozlangan va ular 1080p formatida 30 fps videolar olish imkonini beradi. Siz planshetda ham Magic Eraser kabi Google qurilmalari uchun eksklyuziv bo'lgan ayrim xususiyatlardan foydalanishingiz mumkin. 

Google I/O konferensiyasida planshetdan avvalroq namoyish qilingan Pixel 7a smartfoni kabi Pixel Tablet ham Tensor G2 chipseti bilan Titan M2 xavfsizlik protsessorida 8 GB operativ va 128 GB (256 GB varianti ham bor) xotirada ishlaydi. Planshet Android 13 operatsion tizimida ishlaydi va u kamida 5 yillik yangilanishlarni qabul qiladi. Qurilmaning 27 vatt-soat batareyasi 12 soat tinimsiz video strim qilishga yetadi.

Planshet yon tomonidagi Yoqish tugmasiga barmoq izi skaneri integratsiyalashtirilgan. Shuningdek, uning ikki yon tomonlarida ikkitadan (jami to'rtta) dinamiklar, uchta mikrofonlar, hamda USB Type-C 3.2 Gen 1 porti mavjud.

Pixel Tablet'ning o'ziga xos xususiyatlaridan biri unga Chromecast'ning ichki o'rnatilganligi bo'lib, bunda siz smartfoningizdagi musiqa yoki videoni bir necha qadamlar bilan planshetga uzatishingiz mumkin. Bundan tashqari planshet qutida Charging Speaker Dock bilan keladi. Ushbu qurilmaga planshetni o'rnatib qo'ygan holda uning batareyasidan havotir olmasdan 24/7 foydalanishingiz mumkin. Qolaversa, qo'shimcha qurilma ovoz kuchaytirgich vazifasini ham bajara oladi. 

Google sizdan planshetni uydan ko'chaga olib chiqmasligingizni xohlaydi, chunki qurilmada na 5G, na LTE (4G) qo'llab-quvvatlanadi – u faqat Wi-Fi orqali ishlaydi.

Bularning barchasi bilan Pixel Tablet plansheti atigi 499 dollar turadi. Uni siz Porcelain, Hazel va Rose ranglarida topishingiz mumkin. Planshet uchun allaqachon oldindan buyurtma berish boshlangan va u 20-iyundan boshlab sotuvga AQSH, Kanada, Avstraliya, Hindiston va Yevropa mamlakatlari bo'ylab sotuvga chiqariladi.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!