Pixel va Pixel XL egalariga Google video va rasmlarni saqlash uchun cheksiz onlayn xotira taqdim qiladi

Pixel va Pixel XL egalariga Google video va rasmlarni saqlash uchun cheksiz onlayn xotira taqdim qiladi

Avval xabar berganimizdek, kecha Google kompaniyasi AQShning San-Fransisko shahrida Google Pixel va Pixel XL smartfonlarini namoyish qildi. Qidiruv giganti mazkur smartfonlarni xarid qilgan foydalanuvchilarga video va rasmlarni onlayn serverda saqlash uchun cheksiz xotira taqdim qilishini ham ma’lum etgan. Bunday xizmatni Apple (5 GB) va Samsung (15 GB, Samsung Cloud) kabi boshqa smartfon ishlab chiqaruvchilari ham o‘z mijozlariga taklif qiladilar. Biroq ular o‘z gadjetlari foydalanuvchilariga ajratadigan bulut xotirasining sig‘imi cheklangan.

Endilikda Google Pixel va Pixel XL foydalanuvchilari 1080 piksel (Full HD) formatigacha bo‘lgan videolar va turli suratlarni (hajmidan qatiy nazar) onlayn bulut serverida istalgan miqdorda saqlashlari mumkin bo‘ladi, ularning xavfsizligi uchun Google kompaniyasi javobgarlikni zimmasiga olgan.

Google Pixel va Pixel XL smartfonlariga bugundan boshlab buyurtmalar ochilgan. Ular ikki hafta ichida sotuvga chiqarilishi rejalashtirilgan.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!