PlayStation 5 allaqachon Xbox Series X ustidan ilk g‘alabasini qozondi

  •   DiMaX
  •  1075
  •  10.01.2020 14:15

PlayStation 5 allaqachon Xbox Series X ustidan ilk g‘alabasini qozondi

Sony o‘zining navbatdagi – PlayStation 5 o‘yin pristavkasini e’lon qilganidan beri uning ko‘rinishi va xususiyatlari haqida ma’lumotlar tarqalmoqda. Terabayt.uz’da uning render videosi, shuningdek, konsolning va geympadning ilk «jonli» rasmlari ham e’lon qilingan.

O‘QING: PlayStation uchun DualShock 5: Endi o‘rta barmog‘ingiz ham bo‘sh qolmaydi!

Ishlab chiqaruvchi kuni kecha PlayStation 5 o‘yin konsolining rasmiy logotipini Instagram-akkauntida e’lon qilgan edi. Shundan keyingi 48 soat mobaynida unga 5 milliondan ortiq «layk» qo‘yilgan va 136 mingdan ziyod izoh yozilgan!

Microsoft kompaniyasi avvalroq uning asosiy raqibi – Xbox Series X pristavkasini e’lon qilib, uning logotipini Instagram’ga joylaganida, 48 soatda atigi bir milliontacha layk to‘play olgan edi. Bundan anglashiladiki, PlayStation 5 hali taqdim etilmasidanoq uning ustidan birinchi g‘alabasini qozonib ulgurdi.

O‘QING: Microsoft yangi konsoli – Xbox Series X va geympadini taqdim etib, kulgiga qoldi (+videolar va memlar)

Biroq adolat yuzasidan shuni ham ta’kidlash kerakki, Instagram tarmog‘idagi Sony PlayStation sahifasi 22 milliondan oshiq obunachiga ega, Xbox sahifasiga esa «atigi» 10 milliontacha kishi obuna bo‘lgan. Lekin baribir, yuqorida keltirilgan ko‘rsatkich – «layk»lar sonidagi farq juda katta.

Sony Interactive Entertainment prezidenti Jim Rayan (Jim Ryan) avvalroq, PlayStation 5 eng yaxshi kontentni taklif etishini aytgan edi. Shuningdek, uning ta’kidlashicha, mazkur pristavkaning o‘z raqiblaridan ustunligini ta’minlovchi asosiy jihatlari haliyam sir tutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Metacritic agregatori oxirgi o‘n yillikning eng yaxshi o‘yinlarini ikkita reytingda aks ettirgan, shuningdek, 2019 yilning eng yomon o‘yinlari o‘ntaligini e’lon qilgan edi. Bulardan tashqari, videoo‘yinlar olamidagi o‘ziga xos «Oskar» hisoblanuvchi The Game Awards 2019 sovrindori bo‘lgan o‘yinlar, The Verge nashriga ko‘ra 2019 yilning eng zo‘r videoo‘yinlari o‘ntaligi hamda Valve talqinidagi 2019 yili eng ko‘p sotilgan va eng ommalashgan o‘yinlar reytingi ham e’tiborga loyiq.

O‘QING: PlayStation uchun eng ommabop o‘yinlar – uchta reytingda

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!