PlayStation 5 sirini raqobatchi – Xbox rahbari fosh etdi
Microsoft korporatsiyasining eng yangi o‘yin pristavkasi hozirda Xbox Series X bo‘lib turibdi. Sony esa uning asosiy raqibi – PlayStation 5 hamda uning PlayStation 5 Digital Edition versiyasini taqdim etgan.
O‘QING: Geymerlarning sevimli qurilmasi: PlayStation 4 tavsifi bilan tanishing!
Internetda ushbu ikki ishlab chiqaruvchining o‘yin konsollari haqida yangi ma’lumotlar paydo bo‘ldi. Ularni biror insayder emas, balki bevosita Microsoft Xbox loyihasi rahbari Fil Spenser (Phil Spencer) e’lon qilgan. Shu jumladan, u raqobatchilarning PlayStation 5 turkumidagi pristavkalari nega bunchalik katta bo‘lganini ham izohlab o‘tgan.
Spenserning ta’kidlashicha, Microsoft o‘z konsolida hisoblash bloklari (Computer Unit – CU) soni ko‘pligiga asosiy e’tiborni qaratgan, ularning ishlash chastotasi esa pastroq. Sony bo‘lsa boshqacha yo‘ldan borgan – CU’lar soni kamroq, ammo ular yuksak chastotada ishlaydi.
Aniqroq qilib aytganda, Xbox Series X modelida 1,825 gigagerslik chastotada ishlovchi 52 ta hisoblash blogi qo‘llangan. PlayStation 5 konsollarida esa atigi 36 ta CU ishlatilgan, ammo ular naq 2,23 gigagerslik chastotaga ega.
Yuqori chastotali ish esa hamisha issiqlik ajralib chiqishini oshiradi, shu boisdan ularni sovitib turuvchi radiatorlar maydonini kengaytirish, qo‘shimcha yoki kattaroq ventilyatorlar o‘rnatish kerak bo‘ladi. Bularning barchasi esa oxir-oqibatda gadjet korpusining ham kattalashuviga olib keladi.
Microsoft o‘z pristavkasida faqat bitta ventilyator qo‘llagan va uning aylanish chastotasi ham past, shu boisdan shovqin chiqarmaydi, deydi Fil Spenser. Ayni shu omil Xbox Series X korpusi o‘lchamining PlayStation 5 darajasida katta emasligiga ham sabab bo‘lgan.