PlayStation VR: taqdimot muddati va narxi ma’lum bo‘ldi

PlayStation VR: taqdimot muddati va narxi ma’lum bo‘ldi

Sony kompaniyasi 14-18 mart kunlari San-Fransiskoda bo‘lib o‘tayotgan videoo‘yinlar yaratuvchilarining navbatdagi anjumani GDC – 2016 (Game Developers Conference)da PlayStation VR – o‘yin o‘ynashga mo‘ljallangan virtual voqelik shlemining joriy yilning oktyabr oyida taqdim qilinishini ma’lum qildi.

PlayStation VR’ning joriy yilning 1 yarim yilligida e’lon qilinishi kutilayotgan edi. Sony Computer Entertainment kompaniyasi rahbari Endryu Hausning ta’kidlashicha, ayni kunda uni takomillashtirish, qurilma uchun o‘yinlar jamlanmasini yaratish uchun 230 nafar dasturchi va texniklar jamoasi mehnat qilishayotgan ekan.

Shuningdek, janob Haus PlayStation VR sifatida foydalansa bo‘ladigan PlayStation 4 shlemidan bugungi kunga qadar dunyo bo‘ylab 36 million dona sotilganini aytdi.

2016 yilda virtual voqelik shlemida o‘ynashga mo‘ljallangan 50 ta yangi video o‘yinlar taqdim qilinadi. Xususan, Star Wars Battlefront kompyuter o‘yinining maxsus video o‘yin talqinini yaratish maqsadida Sony kompaniyasi Lucas Arts hamda Electronic Arts kabi nufuzli elektron o‘yinlar ishlab chiqaruvchilari bilan hamkorlik qilmoqda.

Anjumanda e’lon qilinishicha, PlayStation VR shlemi 5.7 dyuymli, chastota yangilanishi soniyasiga 120 kadr uzatuvchi, OLED texnologiyadagi ekranga ega bo‘ladi. Qurilma manzarani 100 daraja kenglikda ko‘rish, 9 ta svetodiod priborlari orqali boshni 360 daraja kenglikda harakatlantirish imkonini beradi.

Kompaniyaning ma’lum qilishicha, mazkur “virtual dubulg‘a” $399 dollaridan sotuvga chiqariladi. PlayStation 4 virtual voqelik shlemi Yevropa mamlakatlarida 553 AQSh dollaridan sotiladi.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!