Pocket Sense – smartfonni o‘g‘irlashdan saqlovchi ishonchli ilova

  •   DiMaX
  •  3589
  •  13.05.2017 10:31

Pocket Sense – smartfonni o‘g‘irlashdan saqlovchi ishonchli ilova

Smartfon – o‘g‘rilarning eng «sevimli» matohlaridan biri. Pocket Sense esa bu borada ularga imkon qoldirmaydigan vositadir.

Ushbu ilovani Android tizimli smartfonga o‘rnatganingizdan so‘ng, unda Pocket Sense Mode funksiyasini faollashtirish lozim. Shundan keyin esa, har gal qurilmangizni cho‘ntakdan yo sumkadan chiqarganingizda, baland ovozda signal chalina boshlaydi. Uni to‘xtatishning yagona yo‘li – gadjetni blokdan chiqarishdir. Tushungandirsiz – agar o‘g‘ri sizga sezdirmaygina telefoningizni cho‘ntagingizdan olsa, smartfonning o‘zi bundan sizni ogoh etadi.

Ilovaning sozlamalarida trevoga chalina boshlashigacha bo‘lgan qisqa vaqtni belgilab qo‘yish mumkin. Shunda smartfonni o‘zingiz chiqarib olganingizda, signal chalina boshlamasidanoq blokdan chiqarasiz va ortiqcha noqulaylik bo‘lmaydi.

Yana bitta qiziq funksiya – Charge Sense Mode. Bunda, telefonni quvvatlashga qo‘ygan bo‘lsangiz-u, kimdir sizga bildirmasdan uni uzib qo‘ysa, ilova signal chaladi. Sayohat paytida, ishxonada yoki umuman – o‘z uyingizdan boshqa joyda devaysni quvvatlashga to‘g‘ri kelib qolganida, bu juda asqotadi.

Uchinchi rejim esa Motion Sense Mode deb nomlanadi. Bunda smartfonni kimdir qo‘liga olishi – u harakatga kelishi bilan dastur tashvishli ovoz chiqara boshlaydi.

Aytish kerakki, muntazam tarzda ishlatib yurilsa, Pocket Sense asabingizga tegishi mumkin. Shu bois, uni faqatgina zarurat bo‘lgan paytlarda faollashtirishni maslahat beramiz. Uni Google Play do‘konidan mana bu havola orqali yuklab olib o‘rnatasiz.