Poco brendi eng arzon smartfonini namoyish etdi!

  •   DiMaX
  •  1131
  •  06.10.2020 17:24

Poco brendi eng arzon smartfonini namoyish etdi!

Xiaomi korporatsiyasi Poco brendi ostida tayyorlayotgan arzon smartfon haqida biz iyuldayoq yozgan edik. Poco C3 rusumli bu qurilma o‘tgan haftada eng ommabop smartfonlar reytingiga ham kirgan.

O‘QING: Taqdimotdan oldin Poco C3 smartfonining muhim jihati ma’lum qilindi

Nihoyat, Poco C3 modeli bugun – 6 oktyabr kuni Hindistonda rasman namoyish qilindi. Kutilganidek, u avvalroq «Xitoycha Apple» jahon bozoriga taqdim etgan boshqa bir – Redmi 9C smartfonining rebrending qilingan kloni bo‘lib chiqdi.

Poco C3 diagonaliga 6,53 dyuymlik, tasvir aniqligi HD+ formatli IPS displeyga ega. Uning «elektron yuragi» ham o‘sha-o‘sha – o‘yinbop MediaTek Helio G35 protsessori. Qurilmaning 5000 mA/soatlik akkumulyatori USB-C porti orqali maksimal 10 vattlik tezkor quvvatlana oladi.

Redmi 9C bosh kamerasida 13 + 5 + 2 megapiksellik modullar qo‘llangan bo‘lsa, Poco C3 modelida uning ikkinchi sensori kuchaytirilgan – 13 + 5 + 2 megapiksellik datchiklar qo‘yilgan. Ekranning tomchisimon kemtigida o‘sha-o‘sha – 5 megapiksellik selfi-kamera joylashgan.

O‘QING: Redmi eng arzon smartfonini ham eng kuchli modifikatsiyada chiqardi

Shuningdek, Poco brendi ostidagi smartfonning korpus ranglari boshqacharoq hamda tezkor va ichki xotiralari kattaroq. Ya’ni, kompaniya uni 3/32 hamda 4/64 gigabaytlik xotira bilan chiqaryapti (Redmi 9C devaysi esa 2/32 va 3/64 GBlik); har ikkala variantida ham 512 gigabaytgacha hajmli microSD-kartasi uchun slot bor.

Poco C3 korpusida 3,5 millimetrlik quloqchin tirqishi mavjud; Xiaomi uni yana Bluetooth 5.0 hamda Wi-Fi 802.11 b/g/n, GPS + GLONASS interfeyslari, FM-radio bilan ham ta’minlagan. Smartfon Android 10 operatsion tizimi bazasidagi MIUI 12 grafik qobig‘i bilan taqdim etilgan.

Hindistonda Poco C3’ning kichik xotirali variantini 102 dollarga, katta xotiralisini esa 123 dollarga baholashgan. Ya’ni, u Poco brendining eng arzon smartfoni sifatida bozorga chiqmoqda.

Darvoqe, Xiaomi, Redmi, Poco va Black Shark smartfonlarining global proshivka, global versiya va xitoycha versiyalari, ularning o‘zaro farqi haqida mana bu maqolamizdan batafsil ma’lumot olasiz.

O‘QING: Bizni aldashibdi: MIUI 13’ga yangilanuvchi Xiaomi, Redmi va Poco smartfonlarining katta ro‘yxati

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!