Pocophone F1 xaridorlari uchun Xiaomi’dan xushxabar bor!

  •   DiMaX
  •  4135
  •  25.08.2018 12:03

Pocophone F1 xaridorlari uchun Xiaomi’dan xushxabar bor!

Xiaomi Pocophone F1 modeli Qualcomm kompaniyasining ayni damdagi eng ilg‘or Snapdragon 845 protsessori bazasidagi eng hamyonbop flagmandir. Bundan tashqari, ishlab chiqaruvchi ushbu modelida mustaqil dasturchilarga yangicha yondashuvni ham namoyon etmoqda.

O‘QING: Nihoyat, Xiaomi atigi 300 dollarlik Pocophone F1 flagmanini taqdim etdi! (video)

Manbalarning yozishicha, Xiaomi kompaniyasining Hindiston bo‘limi mahsulotlar bo‘yicha yetakchi menejeri Jay Mani (Jai Mani) ushbu modelning taqdimotida xayrli bir xabar aytgan. Unga ko‘ra, agar foydalanuvchi Pocophone F1 smartfonida yuklagichni blokdan chiqargan bo‘lsa ham, kompaniya bu mahsulotning kafolatini bekor qilmaydi.

Gap shundaki, aksariyat smartfonsozlar o‘z mahsulotlarining tizim fayllariga o‘zgartirish kiritilsa, ularning ishlashi uchun kafolat bermaydi va bepul servis xizmati ko‘rsatmaydi. «Xitoycha Apple» esa Pocophone F1 borasida bunday qilmayapti – dasturchilikka qiziquvchilar unda turli tajribalarni o‘tkazib ko‘rishlari va bunda kafolatni yo‘qotib qo‘yishdan cho‘chimasliklari mumkin.

Bundan tashqari, yetakchi menejerning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya Pocophone F1 (yoki Poco F1) dasturiy ta’minoti yadrosining dastlabki kodini ham GitHub resursiga yuklaydi. Dasturchilar 29 avgustdan – mazkur modelning Hindistondagi savdosi boshlanish kunidanoq ushbu kodni olishlari mumkin bo‘ladi.

O‘QING: Internet foydalanuvchilari orasida mashhur bo‘lgan termin GitHub nima?

Jay Mani mustaqil dasturchilarga qaratilgan nutqida yana ta’kidlashicha, Pocophone F1 smartfonining proshivkasi Project Treble loyihasi bo‘yicha yangilanadi. Bulardan tashqari, unga boshqa – muqobil proshivkalarni ham o‘rnatish mumkin bo‘ladi.

Shu tariqa, Pocophone F1 nafaqat ilg‘or xususiyatlari hamda arzon narxi bilan, balki dasturiy ta’minotida legal tarzda turli tajribalarni o‘tkazishga imkon berishi va bunda kafolat bekor bo‘lmasligi bilan ham e’tiborni qozonadi. Bunaqa imkoniyatlarni esa uncha-muncha smartfonsoz taqdim eta olmaydi.

O‘QING: Xiaomi smartfonlari bunchalik ommabopligining 5 sababi

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!