Politsiyachilardan aqlli yurish: AQSH federal agentligi Apple AirTag qurilmalaridan kuzatuv vositasi sifatida foydalanyapti

Politsiyachilardan aqlli yurish: AQSH federal agentligi Apple AirTag qurilmalaridan kuzatuv vositasi sifatida foydalanyapti

O'tgan yilning may oyida AQSH chegarachilari Shanxaydan (Xitoy) kelgan ikkita paketni topib olishadi. Birining ichida kukunni tabletka dori shaklida presslab beradigan mashina, ikkinchisida esa bir nechta dori bo'yoqlari bor edi. Ular noqonuniy giyohvand moddalar ishlab chiqaruvchisiga yuborilgan deb o'ylagan holda chegarachilar Narkotiklarga qarshi kurash agentligini chaqirishadi. Agentlik tergovchilari esa qurilmalarni tekshirgandan so'ng uni musodara qilish yoki pochtani qabul qiluvchining oldiga borish o'rniga ular kukunni presslovchi mashina ichiga Apple'ning AirTag qurilmasini yashirishadi. Endi ular pochtani kuzatishlari mumkin.

Forbes nashri tomonidan olingan qidiruv orderidan ma'lum bo'lishicha, bu federal agentlikdagi Apple kompaniyasining joylashuvni kuzatish qurilmasidan kuzatuv vositasi sifatida foydalanilgan ilk holat hisoblanadi. Agentlig nima sababdan boshqa GPS kuzatuvchilari qolib, aynan Apple'ning AirTag qurilmasidan foydalanganliklarini ochiqlamagan, lekin qidiruv orderida presslovchi mashinaning aniq joylashuvi haqidagi ma'lumotlar tergovchilarga "shaxslar giyohvand moddalarni va/yoki giyohvandlik vositalaridan tushgan mablag'larni qayerda saqlayotgani, qo'l ostilaridagi moddalarni qayerdan olishlari va ularni boshqa qayerda tarqatishlari" haqida dalillar olish imkonini berishi yozilgan.

Bredi Uilkins, Arizonaning bosh prokuror idorasidan yaqinda nafaqaga chiqqan tergovchining Forbes nashriga bergan intervyusida aytishicha, agentlik o'zlaridagi GPS qurilmalarining nosozliklari, ya'ni ba'zida ishlab, ba'zida ishlamay qolgani uchun hozirda AirTag'larni sinovdan o'tkazayotgan bo'lishi mumkin. 

"AirTag osonroq yashirilishi mumkin va gumondorlarning uni topish ehtimoli kamroq", – deydi Bredi Uilkins. U gumonlanuvchilar kuzatuv texnologiyalariga qarshi kurashishda yaxshi bo'lib borishayotganliklarini va ular Apple qurilmasidan og'irroq va e'tibor tortadigan qurilmalarni topib olishlarini qo'shimcha qiladi.
 
Shuni ham aytish kerakki, Apple AirTag'lari boshqa qurilmalarga qaraganda yaxshiroq ulanishga ega.  

Biroq AirTag'lar politsiyachilar kutganidek natijani bermasligi ham mumkin, chunki Apple o'zining bu qurilmasidan yashirin foydalanishga qarshi himoya vositalarini o'rnatgan. Bunga stalkerlar (boshqalarni ta'qib qiluvchi odamlar) AirTag'lardan ayollarni kuzatish uchun foydalanganliklari holatlari ko'p bo'lgani va bu 2022-yil dekabr oyida Apple'ga qarshi sud da'vosi bilan yakunlangani sabab bo'lgan. Shundan so'ng, kompaniya o'zining iPhone smartfonlari egalariga ularning yaqinida noma'lum kuzatuv qurilmasi aniqlanganda ogohlantirishi uchun yangilanish chiqardi. Bundan tashqari, AirTag'lar uzoq vaqt davomida egasining yonida bo'lmaganida signalli ovoz chiqaradi.

Apple AirTag'lari Narkotiklarga qarshi kurash agentligiga jinoyatni fosh qilish uchun qanchalik yordam bergani noma'lum. Berilgan qidiruv orderi agentlikka qurilmani Massachusets shtati (pochta yuborilgan tuman) va boshqa AQSH shtatlari bo'ylab kuzatish uchun 45 kun muhlat beradi. Sud ma'lumotlariga ko'ra, press-mashinani qabul qiluvchi shaxs federal sudda jazolanmagan, biroq, AQSH Adliya boshqarmasi unga davlat tomonidan hukm o'qilganligini tasdiqlagan.

Ta'kidlash joizki, bu holat taniqli Apple kompaniyasining mitti qurilmasi odamlarga o'zlarining bagaj va boshqa narsalarini kuzatishning qulay usuli taklif qilishdan qanday qilib josuslik vositasiga aylanib qolganini ko'rsatadi. 2021-yilda taqdim qilingan AirTag shu kunga qadar ham yaxshi, ham yomon foydalanish holatlarini boshdan o'tkazdi desak mubolag'a bo'lmaydi.