Prezident: "IT kasblarni egallash yoshlar o‘rtasida trendga aylandi"

Prezident:

Prezident matbuot kotibi, Sherzod Asadov o‘zining Telegram kanalida xabar berishicha, bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev Yuqorichirchiq tumanida yangi ochilgan "Astrum" IT akademiyasiga axborot texnologiyalari sohasi mutaxassislari, yosh dasturchilar, IT va kommunikatsiya kompaniyalarining rahbarlari va xodimlari bilan uchrashuv o‘tkazish uchun tashrif buyurdi.

“Bugun yangi IT akademiyasiga biz uchun ahamiyati nihoyatda yuqori bo‘lgan IT sohasidagi yetuk mutaxassislar va yoshlarimiz bilan uchrashuv o‘tkazish uchun keldim. Biz bugun birgalikda yechimlarini topadigan masalalar butun O‘zbekiston yoshlarining IT sohasidagi intilishlariga katta turtki va motivatsiya berishiga ishonaman”, deydi davlatimiz rahbari.

Uchrashuv davomida davlatimiz rahbarining IT sohasidagi yutuqlarni sanab o‘tdi:

  • so‘nggi besh yilda IT sohasiga 2 milliard dollar, shundan 700 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar yo‘naltirilgan.
  • alohida soliq rejimi bilan uch yildan oldin tashkil qilingan IT parklar hisobiga 14 ming nafar yoshlar yuqori daromadli ish joylari bilan ta’minlangan.
  • o‘zini o‘zi band qilgan IT mutaxassislari soni yil boshidan 2,5 barobarga o‘sib, 43 mingga yetgan.
  • 2022 yilning o‘zida O‘zbekistonda 134 ta yangi, shular qatorida 50 ta xorijiy IT kompaniyalari tashkil qilingan, eksportchi korxonalar soni esa 2 baravarga oshgan.
  • So‘nggi uch yilda mobil internet narxi 9 baravarga arzonlashgan va O‘zbekiston 200 dan ortiq davlatlar ichida 68 o‘rindan 15 o‘ringa ko‘tarilgan.
  • IT xizmatlari hajmi va eksporti bir necha barobarga o‘sgan.

"Eng asosiysi, IT kasblarni egallash yoshlar o‘rtasida trendga aylandi". deydi Shavkat Mirziyoyev.

Shuningdek, prezident Astrum akademiyasida yuzlab yoshlar zamonaviy dasturlash ko‘nikmalarini egallayotganligi va ularning o‘qish davomidayoq daromad topayotganini quvonarli ekanligini ta’kidlab, boshqa hududlarda ham mana shunday IT akademiyalar tashkil qilish uchun viloyat hokimlariga topshiriq berdi.

Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyev "Bir million o‘zbek dasturchilari" loyihasiga ham to‘xtalib o‘tdi va kelgusida ham bu dastur davom ettirilishini aytdi.

Suhbat davomida prezident kelgusi besh yilda mamlakatimiz IT xizmatlari eksportini 1 milliard dollarga yetkazishni reja qilinganini va buni amalga oshirish uchun quyidagi masalalar hal etilishi kerakligini ko‘rsatib o‘tdi.

Birinchidan, internet qamrovi va sifatini keskin oshirish zarur. Ma’lum bo‘lishicha, hududlarning optik tolali tezkor mobil internet (4G) bilan qamrab olinishi 70% atrofida. Hali 118 ta qishloqlarga Internet tugul, mobil aloqa ham kirib bormagan.

Ikkinchidan, IT sohasida iqtidorli yoshlarni aniqlash va ularni qo‘llab-quvvatlashni yanada kengaytirish zarur. Bugungi kunda bunday yoshlarning startaplariga (230 ta) atigi 10 milliard so‘m grantlar ajratilgan, yoxud kompyuter xaridi uchun 3,5 ming nafar yoshlarga kredit berilgan bo‘lsa, kafil yo‘qligi uchun 6,5 mingdan ziyod yoshlarga kredit berish rad etilgan. Hatto, Qoraqalpog‘iston, Buxoro, Qashqadaryo, Surxondaryo, Namangan va Navoiy viloyatlarida IT parklarini tashkil qilish ishlari oxirigacha bitkazilmagan.

Shu bilan birga, prezident vazirlar, hokimlar, oliygohlar rektorlariga raqamlashtirishni birinchi o‘rindagi vazifaga olib chiqish lozimligini ta’kidladi va bu borada ayrim vazirliklar va idoralarni, "Avtosanoat" bilan "Sanoat qurilish banki"ni o‘rnak sifatida ko‘rsatdi. Lekin, Transport, Energetika vazirliklari, "Uzbekistan Airports", "Temir yo‘llari", "Agrosug‘urta"da ishlar ahvoli sust ekanligi ham ma’lum qilingan.

So‘z yakunida Shavkat Mirziyoyev xorijiy korxonalar yoshlarimizga ishonch bildirib, joriy yilning o‘zida 100 million dollarlik xizmatlarga buyurtma berganligini, lekin, mahalliy korxonalarimiz buyurtmalari bundan ancha kam ekanligini, hududlarda yoshlarni eksport bozorlariga chiqishga ko‘maklashadigan tizim yaratish zarurligini aytdi.

O‘QING: Rossiyalik IT-migrant Sh. Mirziyoyevga rahmat aytdi