Prezident: «Tezkor mobil internet qamrovi yil yakunigacha 90 foizga yetkazilsin»

  •   DiMaX
  •  1423
  •  12.05.2020 08:51

Prezident: «Tezkor mobil internet qamrovi yil yakunigacha 90 foizga yetkazilsin»

Shavkat Mirziyoyev 11 may kuni raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Unda xizmatlarni raqamlashtirish borasidagi hozirgi ahvol tahlil qilindi, deb yozadi «Davletovuz» kanali.

O‘QING: Karantin davrida internet va telefon bilan bog‘liq savollarga AKT Vazirligi javob berdi

Qayd etilganidek, davlat idoralarida mavjud 700 dan ortiq axborot tizimlarining atigi 30 foizi «Elektron hukumat» tizimiga ulangan. Davlat xizmati ko‘rsatuvchi 80 ta idoraning atigi 27 tasi Davlat xizmatlari agentligiga integratsiya qilingan.

Toshkent shahrida elektron tibbiyot kartasi, elektron shifoxona hamda shoshilinch tibbiy yordam tizimlarini joriy etish, ijtimoiy nafaqalar hisobini yuritishga mo‘ljallangan «Ijtimoiy himoya yagona reyestri»ni joriy yil yakuniga qadar ishga tushirish bo‘yicha topshiriq berildi.

Davlat soliq qo‘mitasiga savdo va xizmat ko‘rsatish ob’yektlarini onlayn nazorat kassa mashinalariga o‘tkazish, alkogol va tamaki mahsulotlarini markirovkalash hamda elektron hisob-faktura tizimini joriy etish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

Kelgusi besh yilda sanoat korxonalarida axborot texnologiyalarini keng joriy etish hisobiga tannarxni o‘rtacha 13-15 foizga pasaytirish mumkinligi ta’kidlandi.

O‘QING: Mobil internet tezligi nega pasaydi? AKT vazirligi izoh berdi

Transport vazirligiga temir yo‘llarda yuk tashish hamda Toshkent shahrida jamoat transporti xizmatlari to‘lovi uchun avtomatlashgan tizimlarni ishga tushirish, barcha transportlarga yagona elektron bilet joriy etishni tezlashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Joriy yilda optik tolali aloqa qamrovini maktabgacha ta’lim tizimida 41 foizdan 100 foizga, xalq ta’limida 40 foizdan 70 foizga, sog‘liqni saqlash sohasida 38 foizdan 100 foizga yetkazish vazifasi belgilangan. Bu orqali ko‘plab qishloqlarga internet tarmog‘i yetib boradi.

Shu bois Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga ijtimoiy ob’yektlarni yuqori tezlikdagi internet bilan ta’minlash, tezkor mobil internet qamrovini yil yakunigacha 90 foizga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Kelgusi o‘quv yilida «1 million dasturchi» loyihasiga 47 ming nafar o‘quvchini qamrab olish, sohaga zamin yaratish uchun maktablarda 7-sinfdan boshlab dasturlash asoslarini o‘qitishni yo‘lga qo‘yish zarurligi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev: «Bu ishlarni kelgusi 2-3 yilda to‘liq amalga oshirmasak, har bir kechikkan yilimiz mamlakatimizni 10 yil orqaga tortadi», deya ta’kidladi.

O‘QING: O‘zbekistonda milliy identifikatsiya tizimi yaratiladi

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.