Professional kameralardan zo‘r ilk smartfon – Mi 11 Ultra chiqiboq DxOMark taxtini zabt etdi! (+video)

  •   DiMaX
  •  28181
  •  30.03.2021 12:57

Professional kameralardan zo‘r ilk smartfon – Mi 11 Ultra chiqiboq DxOMark taxtini zabt etdi! (+video)

29 mart kungi mega-taqdimotida Xiaomi o‘zining flagman smartfoni – Mi 11 Pro anonsi bilan boshlagan edi. Biroq tadbirning bosh qaramoni u emas, balki Xiaomi Mi 11 Ultra rusumli premium-flagman bo‘ldi.

O‘QING: Xiaomi’ning ilk buklamafoni – Mi Mix 4 «jonli» suratlarda!

Kompaniyaning eng kuchli smartfoni bo‘lgan Xiaomi Mi 11 Ultra o‘z xususiyatlariga ko‘ra Mi 11 Pro modeliga o‘xshab ketsa-da, undan zo‘r jihatlari ham bisyor. Ayniqsa, ulkan to‘g‘ri to‘rtburchak shakldagi blokka joylangan bosh kamerasi bu gadjetga o‘ziga xoslik baxsh etgan.

Mi 11 Pro bosh kamerasi ham uchtalik, lekin misli ko‘rilmagan darajada kuchli. Unda ham asosiy datchik tarzida, xuddi flagmanning Pro-versiyasidagi kabi 50 megapiksellik Samsung ISOCELL GN2 sensori qo‘llangan va imkoniyatlari bir xil.

Qolgan ikkitasi esa 48 megapiksellik Sony IMX586 datchiklari bo‘lib, bittasi 128 darajada o‘ta keng burchakli ob’yektiv bilan birlashgan; ikkinchisi esa teleob’yektivli periskop modul bo‘lib, tasvirni optik barqarorlashtirish tizimidan tashqari 5 karralik optik va naq 120 karralik raqamli zumni qo‘llab-quvvatlaydi!

Bosh kameraning har uchala moduli ham soniyasiga 24 kadr tezligda 8K-video olishga qodir. Bundan tashqari, Mi 11 Ultra bir vaqtning o‘zida uchta modulida ham rasmga yoki videoga ola biladi! DxOMark laboratoriyasi allaqachon bu modelni test qilib ko‘rgan va eng zo‘r kamerofon, deya e’tirof etgan:

Xiaomi bu bilan ham cheklanib qolmagan va Mi 11 Ultra kamerasining imkoniyatlarini professional fotokameralar darajasiga ko‘tarishga intilgan. To‘g‘ri, uni baribir to‘liq kadrli ko‘zguli kameralarga tenglashtirib bo‘lmaydi, biroq smartfon Sony RX100M7 ixcham kamerasidan yaxshi s’yomka qilishini taqdimotda ko‘rsatishgan:

Xiaomi Mi 11 Ultra superflagmanining yana bir o‘ziga xosligi – bosh kamera blogiga joylangan, diagonaliga 1,1 dyuymlik qo‘shimcha ekranidir. Always-On display funksiyali ushbu detalni dastlab asosiy kamera orqali selfi qilishda yordamchi sifatida qo‘llash ko‘zda tutilgan, biroq keyinchalik unga boshqa imkoniyatlar ham qo‘shilgan. Jumladan, bu displeyda bildirishnomalar, vaqt, kiruvchi qo‘ng‘iroqlar va akkumulyatorning zaryad darajasi aks etadi.

Bosh kamera orqali zo‘r selfilar qilish imkoni mavjudligiga qaramasdan, Mi 11 Ultra ekranining tirqishiga baribir 20 megapiksellik old kamera ham o‘rnatishgan.

Darvoqe, uning chetlari qayrilma displeyi ham Mi 11 Pro modelidagi kabidir: 6,81 dyuymlik AMOLED-matritsa, 2K-tasvir, 120 gerslik chastota, Corning Gorilla Glass Victus himoya shishasi. Shuningdek, mazkur ekran Dolby Vision hamda HDR10+ texnologiyalariga ega va 1,07 mlrd rangni aks ettira oladi.

O‘QING: 108MPlik Redmi Note 10 Pro kamerasi iPhone 12’nikidan zo‘rmi? («jonli» test videosi)

Superkamerofon ham, Mi 11 Pro bilan birgalikda, korpusi IP68 standartiga ko‘ra chang va suv kirishidan himoyalangan ilk Xiaomi smartfoni bo‘lgan. Tabiyki, unda ham eng kuchli – Qualcomm Snapdragon 888 protsessori hamda 12 GBgacha (LPDDR5) tezkor va 512 GBgacha (UFS 3.1) doimiy xotira chiplari qo‘llangan.

Akkumulyatori ham Pro-versiyadagi bilan bir xil: 5000 mA/soatlik, simli va simsiz usulda 67 vattlik tezkor zaryad, 36 daqiqada batareya to‘ladi, ammo smartfon qadog‘iga quvvatlagich solinmagan.

Xiaomi ushbu modelida ham Harman Kardon stereodinamiklari, NFC chipi, ekranosti daktiloskop hamda Android 11 bazasidagi MIUI 12.5 grafik qobig‘ini qo‘llagan.

Superflagman narxiga keladigan bo‘lsak, Xitoyda uni 2 apreldan boshlab, quyidagi modifikatsiyalarda sotishadi:

Xiaomi Mi 11 Ultra 8/256 GB — $915

Xiaomi Mi 11 Ultra 12/256 GB — $990

Xiaomi Mi 11 Ultra 12/512 GB — $1065

Bulardan tashqari, keyinroq keramik korpusda Xiaomi Mi 11 Ultra Marbled Ceramic Special Edition versiyasi ham chiqadi. Qizig‘i – tezkor/ichki xotirasi 12/512 gigabaytlik bo‘lishiga qaramasdan, kompaniya uni ham 1065 dollarga teng narxda sotmoqchi.

O‘QING: 108MP kamerali Xiaomi Mi 10S global bozorga xitoychasidan kuchli bo‘lib chiqyapti!