Pul ishlash uchun yuring

Pul ishlash uchun yuring

Kecha yangi kriptovalyutani sinash ishlari boshlandi.

Kriptovalyuta bu raqamli valyuta turi bo‘lib, emissiya va hisobi kriptografik usullarga hamda muayyan ish bajarilganligini isbotlash sxemasiga asoslangan.

Bitwalking mobil ilovasi fitnes-bilaguzuk yoki smartfondagi qadamo‘lchagich ma’lumotiga asoslanib, qurilma egasi hisobiga kriptovalyuta o‘tkazadi.

Valyuta birligi Bitwalk-dollar. Qurilma egasi o‘n ming qadam bosganida hisobiga 1 Bitwalk-dollar yoziladi. Mijoz bu pulga onlayn-do‘kondan mol (tovar) xarid qilishi yoki naqdlashtirib olishi mumkin.

Mazkur valyuta rasman muomalaga kiritilganicha yo‘q, shu sababli kursi ma’lum emas.

Loyihaga 10 mln dollardan ortiqroq sarmoya kiritildi. Asosiy sarmoyadorlar kunchiqar yurt vakillaridir.

Loyiha mualliflari britaniyalik Nissan Baxar va Frenki Imbesi kelajakda sport tovarlari ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlikda ishlashga umid qilishadi. Shuningdek, ular Bitwalking ilovasi rivojlanayotgan mamlakatlarga yordam berishiga ishonadi.

Bitwalking dastlab cheklangan sondagi kam taraqqiy etgan mamlakatlarda ish boshlagan. Taraqqiy topgan mamlakatlardagi mijoz bu ilova yordamida bir kunda 15 kriptodollar ishlab topsa, rivojlanayotgan mamlakat fuqarosi ikki barobar ko‘proq topishi mumkin, deb uqtiradi loyiha yaratuvchilari.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.