Pulli analoglaridan ham zo‘r oltita bepul dastur – tanishing va yuklab oling!

  •   DiMaX
  •  3818
  •  30.07.2019 13:31

Pulli analoglaridan ham zo‘r oltita bepul dastur – tanishing va yuklab oling!

Yaxshi dasturiy ta’minot mahsulotlari odatda pulli, ularning bepul versiyalari esa funksionali cheklangan yoki reklamali bo‘ladi. Biroq shunday bepul dasturlar ham borki, yuqoridagi kabi qarashlarimizni yo‘qqa chiqaradi.

O‘QING: Eng zo‘r pulli dasturlarning bepul analoglari

Shunday dasturlarni aniqlash maqsadida nartinos nikli Reddit foydalanuvchisi so‘rovnoma e’lon qildi. Bepul ekanligiga ishonish ham qiyin bo‘lgan eng zo‘r dasturlar haqida foydalanuvchilar 1100 dan oshiq izohlar yozishgan.

Ular asosida ma’lum bo‘lgan eng qiziqarli va foydali bepul dasturlardan oltitasini quyida keltirib o‘tamiz.

  1. 7zip – fayllarni arxivlash va arxivlarni ochishga mo‘ljallangan bepul dastur. Uni mana bu havola orqali rasmiy saytidan yuklab olish mumkin.
  2. Everything – ajoyib qidiruv tizimi. Ushbu dastur Windows tizimli kompyuterdagi har qanday jild (papka) yoki faylni bir zumdayoq topib bera oladi. Standart qidiruvdan farqli ravishda, Everything’ni ochishingiz bilanoq kompyuteringizda bor narsalarning barchasini ro‘yxat tarzida ko‘rsatadi. Kalit so‘zni kiritib, keraksizlarini filtrlaysiz va izlaganingizni tezda topib olasiz. Xullas, ushbu havola orqali uning rasmiy saytiga o‘tib, yuklab oling, ishlatib ko‘ring va o‘zingiz ishonch hosil qiling!
  3. OBS – video yozish va qayta ishlash, striming qilish ilovasi. Videoblogerlar uchun betakror dastur: sozlamalari keng, imkoniyatlari bir dunyo, o‘zi esa mutlaqo bepul! Mana bu havola yordamida OBS dasturini kompyuteringizga o‘rnatib oling – afsus qilmaysiz.
  4. Blender – 3D-modellashtirish uchun ajoyib bepul dastur. Shuningdek, uni yana videolarni tahrirlash, qayta ishlashda ham qo‘llasa bo‘ladi. Dizaynerlarga juda qo‘l keladi. Uni ushbu havola yordamida rasmiy saytidan yuklab olish mumkin.
  5. VLC – mediijrochi ilova. Videolavhalarni ijro etish uchun bundan yaxshi, tag‘in bepul dastur topish qiyin. Juda ko‘plab formatlardagi videofayllarni ocha oladi, hatto tushunarsiz kengaytmalarga ega bo‘lganlarini ham. Ko‘pchilik bilmaydigan yana bir yaxshi jihati – uning yordamida YouTube’dan istalgan videoni yuklab olish mumkin! Rasmiy saytidan VLC dasturini o‘rnatib olish uchun mana bu havola orqali o‘ting.
  6. DaVinci Resolve – videomontaj dasturi. Aslini olganda, u videodagi ranglarni professional darajada tahrirlash uchun ishlab chiqilgan, lekin unda lavhalarni tahrirlash ham mumkin. Bepul versiyasining o‘zida aksariyat foydalanuvchilar uchun kerak bo‘ladigan barcha funksiyalar mavjud. DaVinci Resolve ilovasini ushbu havola yordamida rasmiy saytidan yuklab olish mumkin.

O‘QING: Windows’ni tezlashtiruvchi va funksiyalarini yaxshilovchi bepul dasturlar

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!