“Pxenyan” smartfoni yoki Shimoliy Koreyada internet qanday ishlashi haqida

  •   Saroy
  •  2523
  •  12.10.2018 12:41

“Pxenyan” smartfoni yoki Shimoliy Koreyada internet qanday ishlashi haqida

2011 yil dekabrda yosh general Kim Chen In Shimoliy Koreyaning yangi rahbariga aylandi. Rahbarlikning birinchi yilidayoq uning  oldida ikkita vazifa ko‘ndalang turardi. Bir tomondan ko‘p sonli ichki va tashqi tahdidlar qarshisida rejimning (mamlakatning ham) xavfsizligini ta’minlash bo‘lsa, ikkinchi tomondan Shimoliy Koreya iqtisodiyotini ko‘p yillik inqiroz botqog‘idan olib chiqish, ya’ni iqtisodiy o‘sishni ta’minlash edi.

Ikkala vazifa ham juda murakkab va ko‘p hollarda bir-biri bilan mos tushmaydigan chora-tadbirlar ko‘llanishni talab etar edi. Shunga qaramay, Kim Chen In hozircha belgilangan yo‘nalish bo‘yicha harakat qilishning uddasidan chiqayapti, deb aytish mumkin. Qolaversa yosh rahbar  o‘z hokimiyatining asoslarini mustahkamlashni bir zum bo‘lsa ham to‘xtatgani yo‘q, shuningdek mamlakatning iqtisodiy hayotini  ham yo‘lga qo‘yishda davom etmoqda.

Kim va kompyuter

Zamonaviy iqtisodiyotni kompyutersiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Buni  yoshligining ko‘p  qismini  Shveysariyada o‘tkazgan Kim Chen In ham yaxshi tushunadi. Biroq kompyuter texnologiyasi birinchi navbatda axborot texnologiyasi hisoblanadi va unga rejim uchun eng katta tahdid sifatida qaralishi kerak. Eng asosiy muammo – bu KXDRning hayot kechirish darajasi bo‘yicha qo‘shni davlatlardan, birinchi navbatda Janubiy Koreyadan ancha orqada qolib ketganida edi.  Shimoliy Koreya rahbariyatining havotir olishiga asosiy sabab, mamlakatda axborot texnologiyalari sohasining rivojlanishi bilan bir qatorda,  aholining tashqi dunyo haqidagi bilimi ham oshib borishi edi. Bu esa, mamlakatda ommaviy noroziliklarni keltirib chiqarishi mumkin.

Bir qarashda mazkur muammoning yechimi juda oddiy tuyuladi – kompyuterlashtirish, axborot tarmoqlari va hatto uyali aloqadan voz kechilsa bo‘ldi. Nafsilamrni aytganda, Shimoliy Koreya ushbu texnika mu’jizalarisiz, shundog‘am  bir necha o‘n yillardan buyon yaxshi rivojlanib kelayotgandi va bundan keyin ham rivojlanishda davom eta olardi. Ammo Kim Chen Inda boshqacha rejalar bor. U axborot texnologiyasining hokimiyat uchun qanchalik xavfli ekanini juda yaxshi anglaydi, lekin shu bilan birga, u yuqori texnologiyalarsiz mamlakatni qashshoqlik botqog‘idan olib chiqa olmasligini ham yaxshi tushinadi. Shu bois Kim Chen In eksperiment qilishga qaror qildi: u Shimoliy Koreyada shunday axborot muhitini yaratishni xohladiki, bu mamlakatning iqtisodiy riojlanishiga shart-sharoit yaratsin. Gap esa bozor munosabatlari modeli haqida bormoqda. Kim Chen In  otasidan farqli ularoq, hozirgi zamonda bozor munosabatlari modelining haqiqiy ma’nodagi muqobili yo‘qligini yaxshi bilardi.

Hozirda Shimoliy Koreya rahbariyati hamda maxsus xizmat xodimlari internetning anarxiyali ruhini nazoratga olishga harakat qilar ekan, amalga oshirilayotgan bunday ishlar  dunyoning hech bir mamlakatida qo‘llanilmayotganini ta’kidlash zarur. Shimoliy Koreyada jamiyat barqarorligini ta’minlash ustidan politsiya nazorati yuqori darajada bo‘lgani bilan, kompyuter sohasidagi ta’lim juda past. Shunga qaramay,  kompyuter ta’limiga urinish bo‘lyapti va bu tashqi dunyoda ham qiziqishni ortirmoqda.

Ha, rejimning o‘ziga xosligiga qaramay, KXDRda kompyuterlar, uyali telefonlar va boshqa elektron texnikalar  ko‘p. Darvoqe, ularning soni aynan mamlakatni Kim Chen In boshqargandan keyin, mamlakat iqtisodiy inqirozdan chiqa boshlagach ko‘paydi. Uyali telefonlar Koreyaga  2008 yil dekabrda kirib kelgan edi. Bu Misrning  Orascom kompaniyasi bilan qo‘shma korxona ochilgandan keyin ro‘y berdi. Ochig‘ini aytganda, mahalliy uyali aloqa tarmog‘ini yaratishga yana ham ertaroq, ya’ni 2002 yilda Tailand yordamida urinib ko‘rilgan edi. Ammo birinchi urinish natija bermadi: 2004 yilda xususiy shaxslarning mulki bo‘lgan barcha uyali telefonlar musodara qilindi, ammo Tailand ishtirokida yaratilgan aloqa tarmog‘i faoliyatini to‘xtatmadi va  bir necha yuz nafar davlat mansabdorlariga xizmat ko‘rsatishda (ularning telefonlari o‘zlarida qoldirilgan edi) davom etdi.

Ikkinchi urinish haqida nima deyish mumkin? O‘zingiz baho bering! Hozirda Shimoliy Koreyada 4 millionta abonent bor. Haqiqiy foydalanuvchilar soni esa anchayin oz. Gap shundaki, mamlakatda  amal qilayotgan tariflar  juda qimmat, ayniqsa asosiy limitdan oshib ketadiganlar uchun alohida to‘lov. Shu bois ular bir yo‘la bir nechta telefon sotib olishni ma’qul ko‘rishadi va ularni boshqa odamlar nomiga rasmiylashtiradi.

Nazariy jihatdan KXDR fuqarosi faqat bitta uyali telefon tutishi kerak, ammo amalda boshqa shaxslar yordamida, ya’ni ularning nomiga qo‘shimcha apparat va  SIM-kartalarni  ro‘yxatdan o‘tkazish yo‘li bilan  ushbu ta’qiqni osongina chetlab o‘tish mumkin. Haqiqiy foydalanuvchilar soni uch millionga yaqin, bu mamlakatda har ikkinchi oilada uyali telefon bor deganidir.

Telefonlarning asosiy qismi eski, tugmali modellar. Lekin keyingi paytlarda KXDRda smartfonlar ham paydo bo‘ldi. Ularning eng mashhuri  «Ariran» va «Pxenyan».

KXDRda sotilayotgan apparatlar Shimoliy Koreya yorlig‘iga ega va soft ham kareys tilida. Qolaversa, ushbu qurilmalar rasman Shimoliy Koreyada ishlab chiqarilgan, deyiladi. Aslida bunday emas. Smartfonlar Koreyada yig‘ilishi mumkin, ammo ehtiyot qismlarning  bari Xitoydan keltiriladi. Ba’zan esa, butun boshli apparatning o‘zi  ham Shimoliy Koreya buyurtmasi bilan Xitoyda tayyorlanadi. Darvoqe, boshqa mamlakatning sanoat yutuqlarini o‘z nomiga o‘tkazib olish  Shimoliy Koreyaga xos amaliyot hisoblanadi. Bir vaqtlar SSSRdan import qilingan uskunalarning yorliqlari o‘chirilib Shimoliy Koreya yorliqlari qo‘yilardi.

Uyali telefonlar yetarli ilovalar bazasiga ega bo‘lib, ularning asosiy qismi mahalliy dasturchilar tomonidan ishlab chiqilgan.  Shimoliy Koreyalik foydalanuvchilar mahalliy internet – do‘konlardan xaridlarni amalga oshirishi mumkin, mabodo ishga ketayotganda yangiliklardan boxabar bo‘lay desa yoki yo‘l-yo‘lakay Oliy rahbariyat qanday ulug‘lanayotgani haqida bilishni istasa, bemalol «Rodon sinmun» xabarlarini o‘qishi mumkin, uyali telefon ularga shunday imkoniyatni ham beradi.

Ammo xorij davlatlariga qo‘ng‘iroq qilish uchun uyali aloqadan foydalanish mumkin emas: aloqa faqat Shimoliy Koreya abonentlari bilan ishlaydi.  Boshqa mamlakat bilan gaplashish juda zarur bo‘lsa, Xitoydan yashirin yo‘l bilan  keltirilgan hamda Xitoy tarmoqlariga ulangan noqonuniy apparatlar orqali qo‘ng‘iroq qilsa bo‘ladi, ammo bunday telefonlarni tutib yurishning o‘zi jinoiy jazoga tortiladigan holat hisoblanadi. Bunda o‘ziga yarasha mantiq bor: KXDR fuqarosining bunday telefonga ega bo‘lishiga yagona sabab uning chet elga qo‘ng‘iroq qilib ajnabiylar bilan  aloqa o‘rnatishga bo‘lgan istagidir. Bu esa mamlakatda olib borilayotgan siyostga umuman to‘g‘ri kelmaydi.

Shimoliy Koreyaning standart uyali telefonlari orqali chet el kinolarini ko‘rish va musiqalarini tinglash ham mumkin emas.  2013 yildan boshlab, barcha telefonlar maxsus ishlab chiqilgan operatsion tizim bilan jihozlandi. U  foydalanuvchiga maxsus “imzosi” bo‘lmagan video, audio va matnli fayllarni ochishni ta’qiqlaydi. Bunday «imzo»ni esa tegishli tashkilotlar beradi. Ular fayl mafkuraviy  tomondan maqbul deb haralsa hamda oddiy fuqarolar bilishi mumkin bo‘lmagan ma’lumotlar topilmasa ochishga ruxsat beriladi, ya’ni maxsus “imzo” beriladi. Imzo berilishi uchun fayllar «risoladagidek» bo‘lishi kerak, kontentlar mafkuraviy siyosatga qarshi bo‘lmasligi kerak. Maxsus “imzosi” yo‘q fayllar rejim  uchun xavfli sanaladi va oddiy fuqarolarga  ularni ochish ta’qiqlanadi.

Shaxsiy kompyuterlar uchun ham shunday tartib joriy etilgan. Ha, to‘g‘ri topdingiz  Shimoliy Koreyada ham kompyuterlar ko‘p, ularning soni hozirda milliontaga yaqinlashdi. Aksariyat kompyuterlar Xitoydan keltiriladi: hozir ikki davlat chegarasida joylashgan Xitoy shaharlarida Shimoliy Koreyalik xaridorlar uchun tutilgan kompyuterlar bilan savdo qiladigan do‘konlar ko‘p.

Milliy miqyosdagi internet

KNDRda xususiy shaxslarning hamda davlat odamlarining  ham katta qismida rasman internetga ulanish imkoni yo‘q. Internetda diplomatik missiyalar va boshqa xorijiy tashkilotlar ishlashi mumkin. Shimoliy Koreyada haqiqiy internet o‘rnini mahalliy «Kvanmyon» tarmog‘i egallagan. Bu, dunyo o‘rgimchak tarmog‘i bilan mutlaqo bog‘lanmagan milliy internet sanaladi, shu bilan birga, u  turli kontentlarga boy.

Xalqaro internet tarmoqlariga ulanish faqat imtiyozga ega ayrim tashkilotlarning xodimlari uchun mumkin, lekin ularga ham internetga kirish uchun maxsus ro‘xsat talab etiladi. Boshqalar uchun esa, boshqacha tizim mavjud: davlat axborot markazlari internetni ko‘rib turadi va mutaxassislar yoki keng jamoatchilik uchun qiziqish uyg‘otadi deb hisoblangan kontentlar bo‘lsa olib tashlanadi. Keyin foydali kontent topilib «Kvanmyon» tarmog‘iga joylanadi. Bunday kontentlar asosan, ilmiy-ommabop materiallar, tabiy fanlar va texnikalar bo‘lishi mumkin.

Mutaxassislar buyurtmasiga ko‘ra, maqsadli axborot qidirish amaliyoti ham mavjud: tegishli vakolatga ega bo‘lgan, sinalgan mutaxassislar ishonchsiz va sinalmagan hamkasblari uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni ham qidirish bilan shug‘ullanadi.

2013 yilda mamlakatdagi barcha kompyuterlar «Pulgin pyol» («Qizil yulduz») operatsion tizimga o‘tkazildi. Ushbu tizim Linux bazasi asosida maxsus tayyorlangan. Mamlakatda barcha kompyuterlar  ro‘yxatdan o‘tkazilishi majburiy qilib qo‘yilgan. Istalgan vaqtda, foydalanuvchi kutmagan paytda nazorat tekshiruvi amalga oshirilishi mumkin. Shunday ekan, bir kun kelib aholi baribir «Qizil yulduzga» ulanishga to‘g‘ri keladi.

«Qizil yulduz»ning eng muhim jihati yuqorida aytib o‘tilgan imzoda bo‘lib, bu tartib  2014–2015 yillardan buyon amal qilib keladi. Kompyuter boshqa kompyuterda yaratilgan video, audio yoki matnli materiallar bor bo‘lgan fayllarni, agar elektron tarzda “imzo” belgisi bo‘lmasa ochmaydi, ya’ni materiallar g‘oyaviy xavfsiz sanalsagina ochishga ruxsat beriladi. Bunday belgini shaxsiy tartibda olishning imkoni yo‘q, u  shunga vakolati bo‘lgan xukumat tashkilotlari tomonidan tayyorlanadi.

Bu, koreys  xalqi so‘nggi paytda  xorijiy (birinchi navbatda Janubiy Koreyaniki)  filmlarni USB orqali  ko‘rish odatini asta sekin tark etishga  to‘g‘ri keladi, deganidir. Kompyuter egasi  hatto hamkasblari yoki tanishlari bilan ham boshqa kompyuterlarda tayyorlangan hujjatlarni almasha olmaydi, mumkin emas. Boshqa kompyuterda tayyorlangan ma’lumotlar yoki  buxgalteriya  hisobotlari ham ochilmaydi.

KXDR rahbariyati, chamasi ushbu muammoni anglab yetgan ko‘rinadi va hatto uni hal etish variantlarini ishlab chiqishga harakat qilmoqda. Mamlakatda  hujjat almashinuvi nazorat qilinmaydigan USB-xotira saqlagichlar (fleshkalar)  ham tarqalmoqda. Ular orqali tushunmagan fuqarolar o‘zi bilmagan holda istalgan narsasini yozishi mumkin. Lekin Shimoliy Koreya internetida aylanib yuradigan fayllar ustidan to‘laqonli senzura nazorati o‘rnatilganini ham esdan chiqarmaslik lozim.

«Qizil yulduz»ning yana bir o‘ziga xos jihati shundan iboratki, tizim vaqti-vaqti bilan monitorni skrinshot qiladi va ularni uzoq vaqt saqlaydi. Bunday skrinshotlarni oddiy foydalanuvchi o‘chira olmaydi. Maqsad esa ma’lum – tegishli idora vakillari kompyuterdan ta’qiqlangan kontent ko‘rishda foydalanilganmi yoki yo‘qmi tekshirib ko‘rishi kerak.

Shunisi aniqki, ushbu choralarning barchasi kompyuterlar va uyali telefonlarning iqtisodiy samaradorligini pasaytiradi, lekin mamlakat rahbariyatining fikricha, ichki xavfsizlik va barqarorlik oxir oqibatda iqtisodiyotdan muhimroqdir. Shunga qaramay, Kim Chen In hukumati boshqa sohalar kabi, axborot texnologiyalar sohasida ham xavfsizlik talablari bilan iqtisodiy samaradorlik orasidagi muvozanatni topishga harakat qilmoqda. Odatda bunday qarorlar qabul qilishda uzaro murosaga ko‘proq e’tibor qaratishga to‘g‘ri keladi. Natijada xavfsizlik ham, iqtisodiy samaradorlik ham biroz zarar ko‘radi, lekin muvozanat saqlanadi. Nima bo‘lganda ham, bunday siyosat hozircha o‘zini oqlayapti, Kim Chen In uchun shunisi muhim.

 

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!