Qalbaki microSD kartani qanday aniqlash mumkin?

Qalbaki microSD kartani qanday aniqlash mumkin?

Soxta microSD kartalar ustiga ko‘pincha katta sig‘im yozib qo‘yiladi. Ammo siz bunga chuv tushmang! Quyida tashqi xotira kartasini sotib olayotganda qalloblar o‘ljasiga aylanmasligingiz uchun yo‘l-yo‘riqlarni keltirib o‘tamiz.

Wish.com sayti million xil turdagi mahsulotlarni aqlni shoshirib qo‘yadigan narxda taklif qiluvchi onlayn do‘kon hisoblanadi. Saytdan Bluetooth adapteridan tortib kuchugingiz uchun xavfsizlik kamarigacha xarid qilsangiz bo‘ladi.

Sobiq Google va Yahoo dasturchilari tomonidan asos solingan ushbu sayt arzon narxdagi mahsulotlar ishqibozlari e’tiborini o‘ziga qarata oladi.

Wish.com'dan, shuningdek, arzon microSD kartalarni ham sotib olsangiz bo‘ladi. Bu yerda katta sig‘imga ega xotira kartalari deyarli tekinga sotiladi. Afsuski, bu gadjetlarning aksariyati soxta tovardan boshqasi emas. Ular smartfoningizda ishlayveradi va sizga noto‘g‘ri sig‘imni ko‘rsatib turadi. Bu yerda sotuvchilar sodda xaridorlarni qalloblik qurboniga aylantirmoqda.

Soxta microSD karta qanday ko‘rinishga ega bo‘ladi?

Quyida 512GB sig‘imga ega Huawei Class 10 xotira kartasi uchun wish.com saytida keltirilgan reklama skrinshotini keltirib o‘tamiz. Reklamada bir shubhali jihatni ko‘rish mumkin. Qani, bir harakat qilingchi: soxtalikni aniqlay olasizmikan!?

Huawei xotira kartalari ishlab chiqarmaydi. Bor gap shu; reklamadagi muammo shunda. Xitoylik texnogigant Huawei ommaviy savdo uchun xotira kartalari ishlab chiqarmaydi. Kompaniya o‘z qurilmalari uchun nano-xotira kartalari tayyorlaydi, biroq bu umuman boshqa komponent.

Yana bir misol keltirib o‘tamiz: Verbatim 512GB Class 10 microSD xotira kartasi. «Xo‘sh, bunga nima qilibdi?», dersiz.

Verbatim kompaniyasi, Huawei'dan farqli, xotira kartalari biznesi bilan shug‘ullanadi. Ammo muammo shundaki, kompaniya 512GB hajmli kartalar ishlab chiqarmaydi (maqola yozilayotgan payt holatiga ko‘ra).

Yana bir qalbaki mahsulot bilan tanishamiz. Bunisi «Original microSD Card» deb nomlanadi. Qizig‘i, xotira kartasi biror-bir kompaniya tomonidan ishlab chiqarilmagan. Ammo karta dizayni boshqa bir kompaniya ishlab chiqaradigan xotira kartalari dizaynida tayyorlangan. Quyidagi rasmga e’tibor bersangiz, ishlab chiqaruvchi nomi ko‘rsatilmagan bu karta Samsung EVO Plus rasmiy microSD kartasi dizaynini o‘g‘irlaganini ko‘rasiz:

E’tibor bering, wish.com sayti qalbaki microSD kartalar sotiladigan yagona do‘kon emas. ZoodMall va eBay'da ham soxta mahsulotlar to‘lib ketgan. Hatto, Amazon ham qachonlardir uchinchi tomonlar sotuvga qo‘ygan qalbaki xotira kartalarini sotishga xizmat qilgan (ba’zan hozir ham sotiladi).

Qalbaki microSD'larni aniqlash har doim ham oson emas. Ishlab chiqaruvchilar dizayn borasida ko‘chirmachilik qilishga juda usta. Internetdan yoki joylardagi do‘konlardan xotira kartasini sotib olishda nafaqat gadjet dizayniga, balki sig‘imiga ham e’tibor berishingiz kerak bo‘ladi.

Qalloblar microSD karta kontrolleriga o‘zgartirishlar kiritib, karta sig‘imi haqida noto‘g‘ri ma’lumot ko‘rsatishadi. Kartani qurilmangizga ulasangiz, tashqi xotira qurilma hajmi 512GB sifatida ko‘rsatiladi. Ammo kartaga fayllarni yoza boshlashingiz bilan quyidagilar kuzatiladi:

• Fayllarni yozish uchun kartada yatarlicha bo‘sh joy bo‘lmaydi.
• Mavjud fayllar ustidan boshqa fayllar yoziladi.
• Karta ishdan chiqadi, ma’lumotlaringiz esa yo‘qolib qoladi.

Oddiy qilib aytganda, bunday kartalar fayllaringizni saqlash uchun xavfli hisoblanadi.

Xotira kartasi haqiqiy yoki qalbaki ekanligini qanday tekshirish mumkin?

Agar wish.com yoki boshqa do‘konlardan allaqachon xotira kartasini sotib olgan bo‘lsangiz, kartani bir qator sinovlardan o‘tkazib, uni tekshirib ko‘rsangiz bo‘ladi. Quyida bu uchun 3 ta usulni keltirib o‘tamiz.

O‘QING: OGOH BO‘LING: pandemiya pallasida mobil firibgarlik!

1. FakeFlashTest

FakeFlashTest — flesh diskning haqiqiy sig‘imini ko‘rsatib beruvchi dasturdir. Dasturdan foydalanib, tezkor sinov o‘tkazsangiz bo‘ladi. FakeFlashTest kartaga 512 bayt ma’lumot yozadi/o‘qiydi. Agar yozish/o‘qish jarayonida muammolar yuzaga kelsa, bu ekranda aks etadi. Agar batafsil tahlilni xohlasangiz, to‘liq test o‘tkazsangiz ham bo‘ladi.

Yuklang: Windows uchun FakeFlashTest (tekin)

2. H2testw

H2testw ham ommabop dasturlardan biri hisoblanadi. Dastur chiqarilganiga ancha yillar bo‘lgan. Shuning uchun, xotira kartasi sinovi harayoni sekin amalga oshishi mumkin. Shunday bo‘lsa-da, H2testw hali ham soxta kartalarni aniqlash uchun eng yaxshi usullardan biridir.

Yuklang: Windows uchun H2testw (tekin)

3. ChipGenius

ChipGenius boshqa uskunalardan farqli. Flesh drayvga ma’lumot yozib, uni qayta o‘qish o‘rniga ChipGenius xotira kartasining o‘zidagi ma’lumotni to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘qiydi. Bu bilan esa u hozirda mavjud eng tezkor dasturlardan biri sanaladi.

Test jarayoni yakunlangach, ekranda «Umumiy sig‘im= 16GB» yoki shunga o‘xshash ma’lumot ko‘rinadi.

Yuklang: Windows uchun ChipGenius (tekin)

Qalbaki microSD kartalar sotib olishga arzmiyadimi?

Agar wish.com yoki ZoodMall'dan 512GBlik kartani 10 dollarga sotib olgan bo‘lsangiz, pulingizni qaytarib berishlarini talab qiling. Onlayn do‘konlar tovarni qaytarib olib, to‘langan mablag‘ni sizga u yoki bu usulda qaytarib berishlari kerak.

Lekin qalbaki flesh drayvlar butunlay foydasiz emas. Qalbaki bo‘lsa ham, kartaning haqiqiy hajmini aniqlab olgach, ana o‘sha sig‘imdan foydalansangiz bo‘ladi.

O‘ta arzon microSD kartalarni sotib olishdan saqlaning.

Agar sotuvda turgan mahsulot ishonish qiyin darajada arzon bo‘lsa, ehtimolki, siz qalbaki mahsulotni ko‘rib turibsiz.

O‘zingiz ham ko‘rib turganingizdek, onlayn do‘konlarda soxta xotira kartalari juda ko‘p. Hatto ishonchli xalqaro do‘konlarda ham, soxta mahsulotlar uchrab turadi. Ulardan ogoh bo‘ling!

O‘QING: Bugun hech kimning tug‘ilgan kuni emas! Buni hammaga tarqating va «bonus»ga ega bo‘ling!

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.