Qanday qilib arzon, ammo yaxshi smartfon sotib olish mumkin?

Qanday qilib arzon, ammo yaxshi smartfon sotib olish mumkin?

Flagman – oliy toifali mobil telefonlaridan farqli ravishda, ta’bga mos arzon, ya’ni byudjet modellar bir-biridan tubdan ajralib turadi. Bu paytda arzonroqqa qanday qilib ko‘ngildagidek smartfon sotib olish mumkin, degan savolga javob izlayotganlar oramizda yetarlicha topilsa kerak. Chindan ham, oila byudjetidan orttirib, hamma qatori zamonaviy, buning ustiga texnik imkoniyatlarini uyaltirmaydigan smartfon tutishni istovchilar ko‘p bo‘lsa kerak. Shu maqsadda arzonroq smartfon sotib olishni mo‘ljallaganlar uchun ayrim tavsiyalarni taqdim etishga qaror qildik.

Ishlatilgan smartfonlar

Ba’zilar ikkilamchi bozordan avval ishlatilgan (odatda biz “b/u” deb ataymiz) qimmatbaho smartfonni yangi “kitayskiy” narxiga sotib olishni ma’qul ko‘radi. Biroq har doim ham bu savdo xayrli tugayvermaydi. Chunki…

Aytish kerakki, ishlatilgan smartfonlarni sotib olish tajribali foydalanuvchilar uchun yaxshilik bilan tugashi mumkin. Chunki ekran sensorining to‘g‘ri ishlayotgani, akkumulyator indikatsiyasi va boshqa jihatlarni tekshirish uchun tajriba, ayrim qurilmalar kerak bo‘ladi. Albatta, ko‘pchilikning bunga salohiyati yetmasa kerak. Shunday ekan, ishlatilgan smartfon sotib olmaslikni maslahat bergan bo‘lar edik.

Arzon smartfonlarning o‘ziga xos jihatlari

Texnologik jarayonlar shu qadar taraqqiy etdiki, bugungi kunda arzimagan pulga ham ta’bga mos keladigan yangi smartfonni sotib olish mumkin. Bunday mobil qurilmani sotib olishdan avval bir narsani aniqlashtirib olishingiz kerak — siz ehtiyojlaringizga mos smartfon olmoqchimisiz yoki brendi uchun qo‘shimcha pul to‘laydigan taniqli modelmi? Agarda tez ishlaydigan, kamerasi yaxshi suratga oladigan va batareyasi ko‘proqqa yetadigan smartfon sotib olmoqchi bo‘lsangiz, brend ortidan quvishingiz shart emas. Shunchaki, smartfonlar do‘koniga kiring va quyidagi talablarga mos arzonroq modelni tanlab olavering.

Displey

Arzon smartfonlarda bir qator ekran matritsalari qo‘llaniladi. Masalan, IPS — yaxshi, Super AMOLED — juda yaxshi. Demak, smartfon olishda uning ekrani eng kamida Super AMOLED bo‘lishiga e’tibor qarating. Agarda arzonroqqa HD sifatli displeyga ega mobil qurilmalari bo‘lsa, bundan ham yaxshi.
Ajrata olishi (ruschada —razresheniye). U qancha yaxshi bo‘lsa, shuncha ma’qul. Agarda smartfon ekrani 5 dyum (1 dyum – 2,54 sm) bo‘lsa, ekranning tasvir ravshanligi va tozaligini belgilab beradigan ajrata olish ko‘rsatkichi 960×540, ideal holatda — 1280×720 piksel bo‘lishi kerak. 4 va 4,5 dyumli smartfonlar uchun esa 800×480 o‘rtacha, 960×540 eng yaxshi natija hisoblanadi. Bundan past pikselga ega ekranli smartfonlarni olishdan o‘zingizni tiyganingiz ma’qul. Chunki undagi tasvirlar xira yoki chaplashib ketishi mumkin.

Protsessor

Smartfonning tez ishlashi uning protsessoriga bog‘liq. Shuning uchun smartfon tanlashda protsessor imkoniyatlarini albatta hisobga oling. Bunda ikki yadroli protsessorlar urfdan qolganini unutmang. Bunday telefonlarni juda yomon toifaga mansub deyish mumkin. Birgina istisno— Intel Atom Z25xx chiplaridir. Ular dasturiy jihatdan teng ikkiga bo‘linib ishlagani sababli to‘rt yadroli “raqobatchilari”dan aslo qolishmaydi.

Gohida kuchli protsessorga ega smartfonlar ham xotirasi bo‘shroq oddiy gadjetdan sekinroq ishlashi mumkin. Buni kuchli oyoqlari boru yuki og‘ir odam yuki yo‘q kishidan sekinroq chopishiga o‘xshatish mumkin.

Arzon smartfonlarda qo‘llanilgan chiplar quvvati Antutu Benchmark tomonidan quyidagicha baholangan: Spreadtrum SC7735S – 12500; Intel Atom Z2520 – 19000; Qualcomm Snapdragon 200 – 14000; Qualcomm Snapdragon 400 – 18000; Mediatek MT 6732 – 31000; Mediatek MT 6592 – 29000; Mediatek MT 6582 – 19200; Mediatek MT 6572 – 12500. Mazkur raqamlarga asoslanib, byudjet smartfonlari “yurak” kuchiga baho bersangiz bo‘ladi.

Tezkor (operativ-OZU) xotira

Agarda smartfon tezkor xotirasi past bo‘lsa, o‘rnatilgan dasturni ishga tushirish qiyin kechadi. Internet brauzer yoki musiqa pleyerini yoqmoqchi bo‘lsangiz, ortiqcha soniyalar talab qilishi asabingizni buzishi mumkin. Shu sababdan tezkor xotirasi 1 GBdan kam bo‘lgan Android smartfonlarni xarid qilish o‘zini oqlamasligini unutmang. Biroq 512 megabayt OZUga ega Windows Phone smartfonlari uncha yomon emas.

Operativ tizim (OS)

Dasturlarning bajarilishini boshqaradigan va tizimning resurslarini taqsimlash, rejalashtirish, kirish-chiqish va ma’lumotlarni boshqarish kabi turli vazifalarni ta’minlaydigan dasturiy vosita operativ tizim (ruschada – operativnaya sistema) deyiladi. Hammamizga ma’lum, bugungi kunda mobil qurilmalarga asosan iOS, Android va Windows Phone operativ tizimlari o‘rnatiladi. Ularning qaysi birini tanlash – o‘z xohishingiz. Ammo Apple smartfonlarida iOS 7, Android uchun — 4.4 KitKat, Windows o‘rnatilgan smartfonlarda esa 8.1 versiyasidan eskilarini tanlamagan ma’qul. Chunki bunday smartfonlar aksariyat zamonaviy ilovalar, o‘yinlarni ochmasligi, internet va ijtimoiy tarmoqlarda ishlashi ham sizni qoniqtirmasligi mumkin. Ishontirib aytish mumkinki, bugun mobil bozorida zamonaviy operativ tizim o‘rnatilgan arzon mahsulotlar yetarlicha topiladi.

Akkumulyator

Smartfon sotib olishda uning ekran diagonali necha dyum ekaniga albatta e’tibor qaratish lozim. Zero batareya quvvatining tezda sarflanishi ekran hajmiga ham bog‘liq. Agarda sotib olmoqchi bo‘lgan smartfon displeyining diagonali 5 dyum va undan ortiq bo‘lsa, akkumulyatori 1900 megaamper/soat (mAch)dan kam emasligiga e’tibor qiling. Chunki undan pasti — g‘aribona ko‘rsatkich hisoblanadi. 4 dyumlilar uchun esa 1500 mAch o‘rtacha me’yor sanaladi.

Kameralar

Bugungi kunda arzon, ammo yaxshi smartfonlarda asosiy orqa kamera uchun 8, old kamera uchun esa 2 megapiksel o‘rtacha mezon hisoblanadi.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!