Qanday qilib firibgarlar yangicha usul bilan Telegram akkauntingizga kirib olishi haqida

Qanday qilib firibgarlar yangicha usul bilan Telegram akkauntingizga kirib olishi haqida

Firibgarlar kundan-kunda sizning Telegram akkauntingizga kirishning yangi yo'llarini o'ylab topishadi. O'zi ularga sizning akkautingiz nimaga kerak? Albatta, barchasi pulga borib taqaladi. Firibgarlar sizning ishonchingizni suiiste'mol qilishadi yoxud ular akkauntingizga kirib olib, yaqinlaringizga yoki Telegram guruh, kanallaringiz bo'lsa ularga sizning nomingizdan turli pul yechib olish usullari yashiringan spam xabarlarni yuborishadi. Natijada esa sizga ishonadiganlar ularning tuzog'iga tushib qolishlari yoki ular o'rnida siz bo'lib qolishingiz mumkin.

Telegram akkauntga kirishning faqat birgina yo'li bor: telefon raqamingiz va unga keladigan kod. Firibgarlarga aynan shu ikki narsa kerak, ayniqsa, kod. Firibgarlar esa bularni turli yo'llar bilan olishga harakat qilishadi. So'nggi paytlarda ular bunday ma'lumotlarni boshqalar Telegram'da siz haqingizda nima deyishayotganligini va kimlar sizning xabarlaringizni tarqatayotganligini aniqlab berishni va'da qiladigan soxta botlar orqali olishayotgani oshkor bo'ldi. Bot sizdan telefon raqamingizni so'raydi, keyin esa sizga kelgan kodni. Qarabsizki, ular akkauntingizda.

Ta'kidlash joizki, Telegram'da kimlar sizning ortingizdan kimlar gapirayotganini yoki kimlar sizning xabarlaringizni boshqalarga uzatayotganligini bilishning iloji yo'q. Shunday ekan, bunday xizmatlar taklif qiladigan botlardan aslo foydalanmang.

Agar siz akkauntingizga begona qurilmadan kirib olinganligini payqasangiz, darhol Sozlamalar > Xavfsizlik va Maxfiylik > Qurilmalar/Sessiyalar bo'limiga o'ting va uyerdan o'zingizni notanish bo'lgan qurilmani olib tashlang.

Bunday holatlardan himoyalanish uchun "Ikki bosqichli verifikatsiya"dan foydalaning. Bunda akkauntga kirish vaqtida keladigan koddan keyin yana siz o'rnatgan maxsus parol so'raladi. Uni siz Sozlamalar > Xavfsizlik va Maxfiylik > Ikki bosqichli verifikatsiya bo'limida yoqishingiz yoki o'chirishingiz mumkin.

Boshqa ijtimoiy tarmoq va messenjerlar kabi Telegram ham vaqti-vaqti bilan katta xakerlik hujumlariga duchor bo'ladi ammo unda bunday holatlar uchun ko'plab himoya mexanizmlari mavjud. Akkauntlari buzilgan foydalanuvchilar esa ko'pincha Telegram'ni himoyasi zaifligida ayblashadi, lekin aslida muammo ularning o'zida raqamli savodxonlik yo'qligida bo'ladi. Shunday ekan, akkauntingizni ehtiyot qiling, Telegram'ni o'g'ri tutmang.

O'QING: Uchta maktab o‘quvchilari va Telegram'dagi eng yirik firibgarlik hikoyasi

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!