Qanday qilib internetdan xavfsiz foydalanish mumkin? (2-qism)

Qanday qilib internetdan xavfsiz foydalanish mumkin? (2-qism)

Internetdan xavfsiz foydalanish haqidagi maqolamiz davom etadi. Maqolaning oldingi qismi bilan tanishish uchun bu yerga bosing.

Quyida ishonchli saytlar va tarmoqlardan foydalanish hamda smartfoningiz xavfsizligini ta’minlash borasida tavsiyalar berib o‘tamiz.

Ishonchli sayt va tarmoqlardan foydalanish

1. Ko‘rinishidan soxtaga o‘xshovchi yoki firib beruvchi saytlarga kirmang. Agar internetdan ko‘p foydalansangiz, haddan tashqari ko‘p pop-ap reklama ko‘rsatadigan, juda ko‘p imloviy/grammatik xatolarga yo‘l qo‘yadigan yoki aftidan soxtaligi ko‘rinib turgan veb-manzillarni ko‘rsatib qo‘ygan saytlar ham borligidan yaxshi xabardor bo‘lsangiz kerak. Bunday saytlarga iloji boricha kirmang va ulardan hech narsa yuklab olmang.

• Bunga o‘xshash saytlardan foydalanish kompyuteringizga virus tushirishi yoki uni ishdan chiqarishi ham mumkin.

2. Tez-tez brauzeringiz tarixini tozalab turing. Ko‘plab saytlar qurilmangizdagi cookie-fayllarga kira oladi. (Cookie-fayl nima ekanini bu yerdan o‘qing). Cookie-fayldan foydalanib xakerlar shaxsiy ma’lumotingizni o‘g‘irlashi mumkin.

• Cookie-fayllardagi shaxsiy ma’lumotlaringizni o‘chirib yuborish uchun har oyda bir marta brauzeringiz qidiruv tarixini tozalab turing.

3. Onlayn xaridlarni faqat shifrlangan saytlardan amalga oshiring. Internetdan biror narsa sotib olayotganda yoki onlayn bank hisobingizga kirayotganda, siz tashrif buyurayotgan sayt URL'i «http» bilan emas, balki «https» bilan boshlanayotganiga e’tibor bering. «s» harfi sayt ishonchli ekani hamda ma’lumotlaringiz shifrlanishi va o‘g‘rilanmasligini ko‘rsatib turadi.

• Xavfsiz saytlarga kirganingizda URL maydonida kichik qulf ikonkasi paydo bo‘ladi.

4. Faqat shaxsiy Wi-Fi tarmog‘idan foydalaning, ommaviy Wi-Fi'dan emas. Restoran, mehmonxona yoki aeroportlardagi ommaviy Wi-Fi tarmoqlari ko‘pincha ishonchli bo‘lmaydi. Bu esa kompyuteringizga buzib kirish imkonini oshiradi. Bunday ishonchsiz Wi-Fi'lardan faqatgina o‘ta zarur bo‘lgan hollarda foydalaning, biroq shunda ham xavfdan ogoh bo‘lishni unutmang!

5. Brauzeringizda antivirus kengaytmasidan foydalaning. Internetdan yanada xavfsiz foydalanish uchun — saytlardagi pop-ap reklamalarni bloklab qo‘yuvchi va saytda xavfli fayllar bor-yo‘qligini tekshiruvchi — antivirus kengaytmasini yuklab oling. Kengaytma ishonchli bo‘lishi uchun uni ishonchli manba, masalan, Chrome veb-do‘konidan yuklang.

6. Uy internetingizni himoyalash uchun tarmoqlararo to‘siqni o‘rnating. Tarmoqlararo to‘siq, tarmoq to‘sig‘i, brandmauer yoki fayrvol elektron to‘siq bo‘lib, ruxsatga ega bo‘lmagan qurilmalarning kompyuter yoki smartfoningizga kirishiga yo‘l qo‘ymaydi. Ko‘pgina kompyuterlarga zavoddanoq tarmoq to‘sig‘i o‘rnatilgan bo‘ladi. Sizda ushbu funksiya bor-yo‘qligini kompyuteringiz sozlamalaridagi xavfsizlik bo‘limidan tekshirishingiz mumkin.

• Norton, McAfee yoki Microsoft kabi ishonchli kompaniyalardan fayrvol dasturini to‘lov evaziga sotib olsangiz ham bo‘ladi.

7. Kompyuteringiz dasturiy ta’minotini doim yangilab boring. Smartfon yoki kompyuteringizga kelgan tizim yangilanishlari xavfsizlik apgreydiga ega bo‘ladi. Shuning uchun, har doim eng so‘nggi dasturiy ta’minotdan foydalanish muhim ahamiyatga ega. Apdeytlarni oson o‘rnatish uchun sozlamalardan yangilanishlarni avtomatik yuklab olish funksiyasini faollashtirib qo‘ying.

O‘QING: Nima uchun VPN'dan foydalanish kerak? (+bonus)

Smartfondan xavfsiz foydalanish

1. Smartfoningizdagi shifrlash funksiyasini yoqib qo‘ying. Ko‘plab smartfonlar shifrlash funksiyasi faollashtirilgan holda sotiladi. Bu esa ma’lumotlaringizga kirish ruxsatiga ega bo‘lmagan uchinchi tomondan sizni himoyalaydi. Smartfoningiz shifrlanganini Sozlamalar/Parametrlar menyusidagi Xavfsizlik oynasidan tekshirishingiz mumkin.

• Avtomatik shifrlangan smartfonlar qatoriga iPhone, yangi versiya Android mobil qurilmalari va Google Pixel smartfonlari kiradi.

• Shifrlash dasturini Android xavfsizlik menyusidan faollashtirish mumkin.

• Qo‘shimcha xavfsizlik uchun Google Play yoki  App Store'dan shifrlovchi maxsus ilovani yuklab oling.

2. Bluetooth'ingizni begonalarga ko‘rinmaydigan qilib qo‘ying. Telefonga Bluetooth yordamida buzib kirish oson bo‘lmasa-da, mohir xakerlar yaqin masofadan turib Bluetooth yordamida smartfoningizni boshqarishi mumkinligini unutmang. Buning oldini olish uchun esa Bluetooth'ni begonalarga ko‘rinmaydigan qilib qo‘ying. Shunda, xakerlar «radar»iga tushib qolmaysiz.

• Notanish qurilma siz bilan Bluetooth orqali ulanish so‘rovini yuborsa, darhol «Rad etish» tugmasini bosing.

• Potensial xakerlar bo‘lishi mumkin bo‘lgan gavjum joylar, masalan, restoran yoki jamoat transportida yanada ehtiyot bo‘ling.

3. Ilovalarni faqat tasdiqlangan do‘konlardan yuklang. Virusning qurilmangizga eng oson joylashib olishi ishonchsiz manbadan yuklangan ilovalar orqali amalga oshadi. Rasmiy do‘konlar qatoriga Apple App Store va Google Play'lar kiradi. Boshqa saytlardan ilovalarni hech qachon yuklamang.

Biror-bir dasturni yuklashdan oldin uning foydalanish shartlari bilan tanishib chiqing. To‘g‘ri, bu ko‘p vaqt talab qilishi va zerikarli bo‘lishi mumkin, biroq smartfoningizga nimani o‘rnatayotganingizni bilishning yagona yo‘li — shu.

4. Yanada xavfsiz bo‘lish uchun xavfsizlik dasturini yuklab oling. Smartfoningiz maksimal darajada xavfsiz bo‘lishi uchun mobil xavfsizlik paketini sotib oling. Bunday uskunalar tarkibiga fayrvol va firibgarlardan himoya vositalari hamda geolokatsiyani kuzatib borish funksiyasi kiradi. Bunday dasturlarning ba’zilari smartfonni masofadan qulflash funksiyasiga ham ega, mabodo qurilmangizni o‘g‘irlatib qo‘ysangiz.

Siz bilan ulashmoqchi bo‘lganlarimiz shulardan iborat edi. Axborot asrida axborotdan xavfsiz foydalanish qoidalariga rioya qiling.

O‘QING: Internet biz kutgandek bo‘lmadi(mi)?

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!